18 mart, karantinning uchinchi, virus kirib kelganining to‘rtinchi kunidagi vaziyatni o‘rganarkanmiz, vahimalar ancha kamaygani, nisbatan osoyishtalik hukm surayotganini kuzatishimiz mumkin.

Koronavirusga chalinganlarning barchasi ayni paytda poytaxtda bo‘lib turgani uchun ham tabiiy ravishda poytaxtga ko‘proq e'tibor qaratamiz.

Toshkent ko‘chalari sokin, tirbandliklar ancha kamaygan, yo‘llar bo‘shab qolgani bir qarashdayoq ko‘zga tashlanadi.

Jamoat transporti, xususan avtobus va metroda yo‘lovchilar oz. Bu, albatta, talabalarning ta'tilga chiqarilgani, ta'lim tizimi xodimlarining aksariyati ishga chiqmayotgani va poytaxtga mehmonlar kelishi kamayishi bilan bog‘liq.

Talabalarning qaytishi bilan bog‘liq muammo kuzatilgani, yo‘lkiralar oshib ketgani ortidan bir qator viloyatlar hokimliklari avtobuslar va boshqa turdagi transportlar bilan bepul tashishni yo‘lga qo‘ydi.

Bu borada dastlab Qashqadaryo viloyati tashabbus ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Jizzax, Andijon, Surxondaryo kabi viloyatlar ham qo‘shildi. Nafaqat hokimliklar, balki turli tashkilotlar, xususiy transportlar egalari ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagani quvonarli.

Umuman, bir narsani ta'kidlash joiz – koronavirus xalqimizni jismonan uzoqlashtirgan bo‘lsa-da, ma'nan yaqinlashtirdi, jipslashtirdi.

Buni uyushtirilayotgan turli xayriya tashabbuslarda ham kuzatishimiz mumkin.

Jumladan, ayrim dorixonalar tibbiy niqoblarni arzon narxda sotishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsalar, yana boshqa tadbirkorlar bunday vositalarni hatto bepul tarqatmoqdalar. Shuningdek, isiriq, non kabi mahsulotlarni beg‘araz tarqatayotganlarni, yeguliklarni arzonlashtirib sotayotganlarni ham kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, Beeline va Mobiuz aloqa operatorlari koronavirus haqida ishonchli ma'lumot berib kelayotgan saytlar – Kun.uz va boshqa qator internet nashrlarga kirishni o‘z abonentlari uchun bepul qilib qo‘ydi.

Ammo shunday birdamlik kunlarida ko‘ngilni xira qiladigan holatlar ham uchrab turadi. Bular – ko‘p marta qaytarilganiga qaramay, yana yolg‘on ma'lumotlar tarqalishida yaqqol ko‘rinadi.

Masalan, kimdir shaharlar uzra vertolyotda dezinfeksiya vositalari sepilishi haqida asossiz xabar bergan bo‘lsa, yana bir xorijiy sayt O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligini manba sifatida ko‘rsatib, yurtimizda bir kishi koronavirusdan o‘lgani haqida yolg‘on axborot tarqatgan.