Koronavirus pandemiyasi ortidan iqtisodiy xatarlar ham ko‘zga tashlanyapti. Bir yil ichida global iqtisodiy inqiroz yuzaga kelishi haqida gapirayotgan yetakchi ekspertlar ham ko‘plab topiladi.

Albatta, jahon bo‘ylab infeksiya tarqalishi davom etar ekan, dunyo davlatlari ko‘radigan iqtisodiy zarar ko‘lami OAV va turli tahlil kompaniyalarining bosh mavzularidan biriga aylangan.

Xo‘sh, koronavirusning O‘zbekiston va jahon iqtisodiyotiga ta'sirini qanday taxmin qilish mumkin, zarar ko‘lami qay darajada bo‘lishi kutilmoqda?

O‘zbekiston kelgusida makroiqtisodiy muvozanatni ta'minlashga qaratilgan qanday zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev hamda Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Dilshodjon Rahmonov bilan suhbatlashdi.

«Iqtisodiy o‘sish 2,8 foizgacha pasayib, oxir-oqibatda 2008 yildagi inqiroz qaytishi mumkin»

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyoti 2009 yildan buyon o‘zining dastlabki yuqori iqtisodiy o‘sishiga erisha boshlanganda, koronavirus ta'sirining yuzaga kelishi global iqtisodiyotni yana xavf ostiga qo‘ydi.

Xo‘sh, global iqtisodiy xavflar kelgusida nimalarda o‘z aksini topishi mumkin?

Nodir Jumayev

Nodir Jumayevning fikricha, bu boradagi xavflar 4 yirik yo‘nalishda ko‘rinadi.

«Koronavirus pandemiyasining keng tarqalib borishi va unga qarshi ko‘rilayotgan majburiy choralar birinchidan, xalqaro savdoning yarmini tashkil etuvchi global qo‘shimcha qiymat zanjiri kamayishiga ta'sir qiladi.

Ikkinchidan, virus aniqlangan mamlakatlardan kapital qocha boshladi.

Uchinchidan, insonlar uylarida qolishlari sababli ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan zavod va fabrikalar bo‘sh yoki ishsiz qolmoqda.