Light | 16:45 / 24.03.2020
40238
3 daqiqa o‘qiladi

Yurak uchun eng xavfli mahsulotlar ma'lum qilindi

Yurak-tomir kasalliklari avj olishi xavfini minimallashtirish uchun ovqatlanish ratsioniga nafaqat yurak-tomir tizimi uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni qo‘shish, balki zararli mahsulotlardan voz kechish ham lozim.

Foto: Depositphotos / stevanovicigor

Bu borada o‘z tavsiyalari bilan La Vanguardia ispan nashrida kardiolog Pablo Kanepa bo‘lishdi.

Mutaxassis qizil go‘shtni yurak uchun juda xavfli mahsulot deb atagan. Bu mahsulotda ko‘p miqdorda to‘yingan yog‘lar mavjud bo‘lib, bu yog‘larni iste'mol qilishni cheklash lozim. Ular o‘rniga mono- va polito‘yinmagan yog‘larga afzallik berish kerak. Bunday yog‘lar manbai yong‘oqlar, birinchi siqishda olingan zaytun moyi, pistalar, avokado, baliqlarning ba'zi turlari hisoblanadi. Kardiolog taomnomaga go‘shtlarning parhezbop turlari, misol uchun tovuq go‘shtini qo‘shishni tavsiya qilgan.

Bundan tashqari, pishiriqlar va nonushta uchun pag‘a-pag‘a yormalar (xlopya), yarimfabrikatlar – tayyor va muzlatilgan pirog, pitssa, pastalar iste'mol qilishdan qochish lozim. Bunday oziq-ovqat mahsulotlari “yomon” xolesterin miqdorini oshiruvchi transyog‘larga boy bo‘lib, u vazn yig‘ishga olib keladi va yurak-tomir kasalliklari hamda ikkinchi turdagi qand kasalligi xavfini oshiradi.

Shifokor spirsiz energetik ichimliklar iste'mol qilishni qat'iyan tavsiya qilmagan, chunki ularda kofeindan tashqari, ko‘p miqdorda shakar va zararli qo‘shimchalar mavjud. Energetiklar asab tizimiga qo‘zg‘ovchi ta'sir ko‘rsatadi. U esa o‘z navbatida yurak mushaklari muammolarini keltirib chiqaradi.

Kardiologning ta'kidlashicha, yuqori qon bosimi bilan bog‘liq xavflardan qochish uchun tuz iste'molini kamaytirish muhimdir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, tuzning kunlik me'yorini 1,5 grammgacha kamaytirish lozim. Kanepaning ta'kidlashicha, tayyor taomda bir grammga yaqin tuz bor bo‘ladi, shu sababli u belgilangan me'yordan osongina ko‘proq iste'mol qilib yuborilishi mumkin.

Shuningdek, spirtli ichimliklardan voz kechish lozim, chunki ular yurak to‘xtashi va miokard infarkti hamda miya zararlanishi imkoniyatlarini oshiradi.

Shuningdek, qaymoq va sariyog‘ iste'molini cheklash foydalidir.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, o‘z yurak-tomir tizimi holati ortidan kuzatib boruvchi odamlar O‘rta yer dengizi diyetasi foydasiga tanlov qilishlari lozim. Bu diyeta mevalar, sabzavotlar, yong‘oqlar, dukkakli mahsulotlar, baliq va zaytun moyiga boy bo‘lib, biroq go‘sht iste'molini cheklaydi. 

Shuningdek, har kuni jismoniy faollikka 45 daqiqa ajratish va yomon odatlardan voz kechish lozim.

Mavzuga oid