Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston jamoalari aʼzolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Davlat rahbari shaxmatchilarni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy gʻalaba bilan yana bir bor tabrikladi.
– Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun Oʻzbekiston xalqiga muborak boʻlsin! – dedi prezident.
Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi boʻlmagani taʼkidlandi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam boʻldi.
– Shunday ulkan raqobat ichida Oʻzbekiston bayrogʻini eng balandga koʻtarish bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir, – dedi davlat rahbari.
Gʻalabaga oʻz yurtimizda, xalqimiz koʻz oʻngida erishilgani unga alohida maʼno bagʻishladi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi; hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleyekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz oʻyinlarni kuzatdi.
Prezident oʻzi ham hal qiluvchi partiyalarni katta qiziqish bilan koʻrganini aytdi: “Baʼzi partiyalarda sizlar nafaqat raqiblaringizni, balki bizni ham kuchli hayajonda ushlab turdingizlar”.
Davlat rahbari amaldagi Olimpiada chempioni Hindiston jamoasi bilan uchrashuvga alohida toʻxtaldi. Nodirbek Yoqubboyevning Nihal Saringa qarshi partiyasida vaziyat bir payt juda ogʻirlashganini esladi.

– Lekin sen oxirigacha mardona kurashding. Nihoyatda topqirlik bilan qoʻllagan taktik yurishlaring vaziyatni butunlay oʻzgartirdi va jamoamizga hal qiluvchi gʻalabani olib keldi, – dedi prezident.
Hindiston ustidan gʻalabadan soʻng Oʻzbekiston yakkapeshqadamga aylandi. Keyin shaxmatchilar Xitoy jamoasini 3:1 hisobida magʻlub etib, jahon reytingi yetakchisi va olti karra Olimpiada chempioni boʻlgan AQSH terma jamoasidan ham ustun keldi.
Prezident Nodirbek Abdusattorov butun musobaqani magʻlubiyatsiz oʻtkazib, birinchi taxtada oltin medalni qoʻlga kiritganini eʼtirof etdi. Uning amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpildagi gʻalabasi ham alohida esga olindi: “Buning oʻzi alohida katta natija!”.





















