O‘zbekiston | 17:45 / 25.03.2020
23891
3 daqiqa o‘qiladi

Bu kunlar ortda qolgach, qalbimiz, vijdonimiz ochilishi kerak – Rahmatulloh Sayfuddinov

Bu kunlar ham tarixga aylanadi, in shaa Alloh, biroq bundan saboq olishimiz kerak. Yo‘llar ochilsa, bog‘chalar, maktablar, ta'lim dargohlari, masjid-u madrasalar ochilsa-yu, qalbimiz, vijdonimiz ochilmasa, o‘zimiz vabo bo‘lib qolmaymizmi? «Mirzo Yusuf» jome-masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda istig‘for qilish zarurligini bildirar ekan, shunday fikrlarni ham bayon qildi. 

«O‘tgan juma g‘ayrioddiy juma bo‘ldi. Juma kuni juma namozi yo‘q, masjidlar bor, namozxoni yo‘q. Azon aytildi, ammo iqomat aytilmadi. Minbarlar bor-u, xatiblar ma'ruza qilmagan kun bo‘ldi. Lekin, shu juma kunida ham onlayn ma'ruzalar qildik. Musulmon kishining shunday kunlarda bajarishi zarur bo‘lgan amallar haqida ma'lumotlar bermoqdamiz, har xil duolarni berib bormoqdamiz. Qur'oni Karimda hazrati Nuh alayhissalomning qavmidan Alloh taologa shikoyat qilgan oyatlari kelgan. 

Hazrati Nuh aytayaptilar: «Men qavmimga aytdim: Robbingizga istig‘for ayting. Robbingiz gunohlarni kechirguvchidir. Robbingiz, istig‘for aytsangiz, yordam beradi, farzandlar beradi, yomg‘ir yog‘diradi, boylik beradi, ocharchilikni ko‘taradi», degan oyatlar kelgan. Nuh alayhissalom qavmida befarzandlik ko‘paydi, qurg‘oqchilik kuchaydi, ocharchilik va hakazo vaqtda, najot nimada, degan savolga javob tariqasida istig‘forga buyurdilar.  

Vatandoshimiz Imom Nasafiy rohmatullohi alayhning tafsirlari bor, “Madorikul Tanzil” degan. Nasafiy hazratlari mazkur oyatlar tafsirida aytadilarki, Hasan al-Basriy roziyallohu anhuning huzurlariga odamlar shikoyat qilib keldilar: bizda farzand tug‘ilmayapti, deganlarida, istig‘for aytinglar, dedilar. Yana bir jamoa kelib, yomg‘ir yog‘mayotganidan, qurg‘oqchilikdan shikoyat qilganlarida, istig‘for aytishni buyurdilar, uchinchi jamoa turli kasalliklar tarqaganini aytishganida, istig‘forni amr qildilar, boshqa bir jamoa bog‘lar qurib qolayotgani, ocharchilik bo‘layotganini bildirishganida, istig‘for aytinglar, dedilar. 

Shunda shogirdlari, turli shikoyat bilan kelganlarga bir xil narsani tavsiya qilganlarida, Hasan al-Basriy roziyallohu anhu mana shu oyatni o‘qiganlar. 

Balo ko‘tariladi, in shaa Alloh, masjidlarimiz ochiladi, bog‘cha, maktab institutlar ochiladi, samolyotlar ucha boshlaydi, Makka-Madina ochiladi. Bu holatlar tarix bo‘lib qoladi. 

Ammo, shuncha narsa bo‘lishi barobarida bizning ko‘zimiz ham ochilishi kerak. Agar hamma narsa ochilsa-yu, ko‘zimiz ochilmasa, qalbimiz, vijdonimiz ochilmasa, bu yer uchun bizning o‘zimizdan yomonroq vaboning o‘zi qolmaydi. Biz o‘zimiz vabo bo‘lib qolamiz», - deydi Rahmatulloh qori Sayfuddinov. 

Mavzuga oid