Ushbu maqola tayyorlanishi vaqtida, O‘zbekistonda infeksiya yuqtirib olgan bemorlar soni 65 kishini tashkil etgan. Bundan tashqari, 63 ming 853 kishi karantinda saqlanmoqda.
O‘zini uy karantiniga mahkum etganlar – atrofda bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmay, ongli ravishda ushbu qarorga kelgan hamda uyda bo‘lishning ijobiy tomonlarini o‘zlari uchun kashf etishmoqda.
Kun.uz ko‘chaga chiqmasdan uyida karantin sharoitida odatiy turmush tarzini davom ettirayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdi.
Bahodir Jalolov, professional bokschi:
— Karantinga qadar Iordaniyada Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etuvchi turnir o‘tkazilgandi. Bizning bokschilar ham turnirda qatnashib, uyga qaytgandik. Keyin karantin munosabati bilan uyda qolishga qaror qildim. Zaruriyat bo‘lmasa, ko‘chaga bemaqsad chiqishdan saqlanyapman. Ayni paytda do‘stlarim, ustozimiz To‘lqin Qilichev bilan bir uyda ringdagi xato va kamchiliklarimiz, harakatlarimizni tahlil qilyapmiz. Ularning maslahati bilan o‘z ustimizda ishlash bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalarni tinglayapmiz. Uy sharoitida badantarbiya va jismoniy harakat qilib, ko‘proq ruhiy tayyorgarlik, boksdagi nazariy masalalarga e'tibor qaratyapman.
Kamila Urayeva, Moliya vazirligi xodimi:
— 24 martdan masofadan turib ishlashni boshladim. Ish beruvchi tomonidan o‘z faoliyatimni to‘laqonli va to‘kis bajarishim uchun barcha sharoit yaratib berildi. Uyda time-management to‘g‘ri tashkil etganim uchun, maishiy yumushlar ish faoliyatimga ta'sir qilmayapti. Albatta, hamkasb va rahbariyatimning qo‘llab-quvvatlovini yaqindan his etib, mehnat jamoasi bilan birga ishlash yoqimli, ammo hukumat tomonidan koronavirus tarqalishiga qarshi qabul qilingan choralarga rioya etishimiz kerak. Shuning uchun, qancha talab etilsa, shuncha uyda qolishga qaror qildim.
Aslida uyda qolish taklifi ish joyda rahbarim tomonidan bildirildi, men buni xodimlarga g‘amxo‘rlik sifatida qabul qilib, tartibga ongli ravishda bo‘ysundim.
Xurshed Rustamov, advokat:
— 18 martdan buyon uydaman. Asosan ish materiallari bilan tanishish, sudga tayyorgarlik ko‘rish bilan band bo‘lyapman. Uy yumushlari bilan band bo‘lish ham foydali: bolalarning darslarni o‘zlashtirishiga shaxsan bosh bo‘lyapman, ovqat tayyorlab, biroz tin olgandekman.

















