Italiya hukumati epidemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarni yopib, olomon Lombardiyadan uyiga, janubga qaytish uchun poyezdlarni ishg‘ol qila boshlaganida meni birinchi marta korona-vahima bosgandi. Kimdir chipta bilan, kimdir chiptasiz, kimdir koronavirus bilan, yana kimdir sog‘-salomat. Agar bilmasangiz, aytib o‘taman: Italiya janubida yashovchilar keyingi bir yarim asr davomida nafaqat Amerika bilan Germaniyaga, balki mamlakat shimoliga ham ommaviy ravishda ishlash uchun ketishadi. U yerda pul va zavodlar, yaylov va bog‘lar ham o‘sha yerda.
Kimdir boy Italiyadan kambag‘al Italiyaga olib kelgan virusli zotiljam bois qishloq kasalxonasiga tushib qolishdan avvaliga qo‘rqmadim. Men bankrot bo‘lishdan qo‘rqardim. Fevral oyi boshlarida menga rieltor qo‘ng‘iroq qilib, lidoni (Adriatikani Venetsiya lagunasidan ajratib turuvchi qumli orollar zanjiri) 45 000 yevroga taklif qildi. Aftidan, bu qutulish uchun oxirgi imkon edi, biroq men buni bilmagandim.
10 mart kuni oxirgi marta qishloqda joylashgan uchta bardan biriga oxirgi marta kirdim. Choy bilan chizkeyk sotib oldim va o‘zimni hammasi joyidadek ko‘rsatishga urindim. Unchalik o‘xshamadi. Chunki barda bir o‘zim edim. Men bar egalarining minnatdorona nigohlari ostida mardlarcha tort yeb, choy ho‘playotganimda Italiya hukumati yangi dekret chiqardi. Ertasiga Italiyadagi barcha bar va restoranlar yopildi.
Endilikda uydan faqatgina supermarketga va ishga - agar o‘sha ish qolgan bo‘lsa - chiqamiz. Kecha gaz sotuvchi Antonio menga uchta ballon keltirib berdi. Uning asosiy biznesi mebel do‘koni, uning aytishicha, hozirda aholining mebelga bo‘lgan ehtiyoji nolga teng. So‘nggi ikki hafta davomida uyimga yaqinlashgan ikkinchi odam - qo‘shnim Karmelo. U har kuni cho‘chqa boqish uchun keladi. U shuningdek, alyuminiy romlar ishlab chiqaradi va sotadi... Uzr, sotardi. Yaqin kelajakda odamlarga romlar mebeldan ham kamroq kerak bo‘ladi.
Savdo hali uni to‘xtatish to‘g‘risida farmon chiqmasdan turib to‘xtagandi. Faqat dorixona va oziq-ovqat do‘konlarigina tirik qoldi. Endi Karmeloning bor umidi mana shu cho‘chqasidan. Bu ofat tugaganida na u va na boshqasi barda kun bo‘yi o‘tiradi. Shunchaki hech narsaga pul qolmaydi.
Uyda o‘n kun havo-tomchi tahdididan yashirinib o‘tirdim. Nihoyat, supermarketga borishni cho‘zmaslik kerakligini tushundim. Hozirda uchta qishloqda atigi ikkita ijobiy test chiqqan, ammo doim shundayligicha qolmaydi. O‘zimga niqob tikdim, internet maslahat berganidek ichiga mato joyladim, yuzimga taqdim. Sog‘liqni saqlash vazirligi saytidan ruxsat qog‘ozini printerda chiqarib oldim (bu qog‘ozsiz 206 yevro jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi) va oziq-ovqat sotib olishga chiqdim.

















