«Mirza Yusuf» jome-masjidi imom xatibi Rahmatulloh qori Sayfuddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shu kabi savollar bo‘yicha Islom ta'limoti haqida so‘z yuritdi.

Bandaning rizqi kech qolishi mumkin, lekin adashmaydi

– Albatta, tijoratning odobi bor. Alloh subhanahu taolo Mulk surasida marhamat qiladi: «Alloh taolo shunday zotki, sizlarga yerni bo‘ysundirib qo‘ydi, uning istalgan joyida yurib, rizq izlanglar. Lekin, unutmanglarki, qaytish Allohning huzurigadir».

Demak, biz rizq talabida bo‘lamiz va uni halol yo‘l bilan talab qilishga buyurilganmiz. Ahli sunna val-jamoa e'tiqodida rizq halolga va haromga bo‘linadi. Halol rizqda Alloh rozi bo‘lsa, harom rizq uchun Alloh jazo beradi.

Endi banda tijorat qilib, ziroat, sanoat, dehqonchilik, bog‘dorchilik yoki chorvachilik bilan halol rizq talabida bo‘ladi.

Bandaning rizqi kech qolishi mumkin, lekin adashib ketmaydi. Birovning rizqi boshqa birovga o‘tib ketmaydi. O‘sha rizq kelishi bandani haromdan topishga yetaklamasligi kerak. Bugun shu narsa ro‘y bermoqda. Halol rizqini ozgina noto‘g‘ri tushuncha bilan, qanoatsizlik, insofsizlik bilan haromga aylantirib qo‘yish ko‘zga tashlanmoqda ayrim savdogarlar misolida.

Savdogarlik sharafli kasb – payg‘ambarlar kasbi

– Bilasizmi, savdogarlik sharafli kasb. Payg‘ambarimiz alayhissolatu vasallam aytganlarki: «Rostgo‘y, sadoqatli, ishonchli, halol savdogar payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan barobar bo‘ladi».

Darajasi shunchalik, lekin, aksiga olib, insofsiz savdogar bo‘lsa, uning joyi eng tuban joyda ham bo‘ladi. Demak, tijoratning birinchi odobi shuki, tijoratchi niyatni to‘g‘irlamog‘i kerak.

«Men tijorat qilib, xalqim yaxshi-yomon kunida unga xizmat qilib, yordam beraman», deb chiqsa, tijorati ibodat bo‘ladi. Aksincha, «bugun men foydalanib qolaman, hamma olyapti, 10 so‘mlik narsani 30 so‘m qilaman», desa, niyat yomonligi uchun Alloh taoloning qahri keladi.

Tijorat bilan inson oxiratining oqibatini aniqlab olishi ham mumkin

– Tijoratning ikkinchi odobi – tijoratchi tijoratning ilmini bilishi kerak. Sababi, banda nafaqat tijoratdan rizq topadi, balki savob yoki gunoh ham topishi mumkin. Baxt-saodat yoki shaqovat topishi mumkin. Oxiratini tijoratdan aniqlab olishi mumkin.