Xitoyning Uhan provinsiyasida 2020 yil qish oylarida koronavirus degan infeksiya tarqala boshladi. Tez orada u butun dunyoni egalladi. Qarabsizki, kichkina bir zarra xuddi dunyoni ostin-ustin qilgandek. Barcha aviaqatnovlar, temiryo‘llar, mashinalar harakati, savdo-sotiq, bog‘lar, kinoteatrlar faoliyati to‘xtadi. Davlatlar tashqi dunyodan uzildi. Hamma ota-ona o‘z farzandlarining xavfsizligi haqida qayg‘urmoqda…

Endi sizning orzularingiz haqida
Yurtimizda bahor fasli hukm surmoqda. Tabiat uyg‘ongan. Hammayoq yashilga burkangan. Qushlar sayrashi-yu varraklar parvozi odamga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlashi turgan gap. Qish sovuq havosidan zerikib endi bahorga chiqqanimizda bu kichik zarra bizni ham chetlab o‘tmadi. Virus bizgacha yetib keldi. U bizning oramizda. Xo‘sh, bu kichik zarra bizning orzularimizni amalga oshishiga to‘sqinlik qila oladimi? Bir ovozdan, qat'iy – yo‘q! Nega deysizmi? Sababi oddiy – orzularimiz tirik. Amalga oshirishimiz uchun hamma imkoniyat bor.
Qish faslining izg‘irinli kunlarida barchamiz dilimizga tugib qo‘ygandik. Bahor kelsa, oilam bilan tog‘ga chiqaman. Tabiatning go‘zalligidan bahra olaman. Farzandlarim, yaqinlarim, do‘stlarim bilan mazza qilib dam olaman.
Bahor kelsa, anchadan buyon rejalashtirib qo‘ygan sayohatlarimga chiqaman. Dunyo kezaman. Turli davlatlar va madaniyatlar bilan tanishaman. Yaqinlarimga sovg‘a-salomlar olib kelaman.
Bahor kelsa, to‘ylar qilaman. Ko‘p yillardan beri ko‘nglimga tugib qo‘ygan orzum nihoyat ushaladi. O‘g‘il uylantiraman, qiz chiqaraman.
Ota-onamni haj safariga olib borishni rejalashtirganman. Nihoyat ularning orzulari ushalish arafasida.
Orzularimiz endi amalga oshmaydimi?

Bu savolga javob topishdan oldin hayot so‘zining ma'nosiga ta'rif bermoqchiman. Hayot nima o‘zi? Hayot – borliq, tabiat, go‘zallik. Va kurash ham. Hayot bu – sabr. Bugun esa bu so‘zga boshqacharoq ta'rif bermoqchiman. Hayot bu – tozalik, shaxsiy gigiyena. Ha, u bugun o‘z tusini o‘zgartirdi: hayot – tozalik va shaxsiy gigiyena.
«Agar virus kirib kelmaganida, orzularimni amalga oshirar edim», deyishga shoshilmang. Ular albatta amalga oshadi. Qanday deysizmi? Juda oddiy. Hayot so‘zining bugungi kundagi ma'nosini anglab yetsak bo‘lgani.

















