Kun.uz muxbiri mo‘min-musulmonlar karantin davrida e'tibor qaratishi joiz bo‘lgan masalalar yuzasidan «Mirza Yusuf» jome-masjidi imom xatibi Rahmatulloh qori Sayfuddinov bilan suhbatda bo‘ldi.

Islomda tijorat, savdogar va xaridor odobi. Rahmatulloh qori Sayfuddinov bilan suhbat

Inson hayoti har qanday farzdan oldin turadi

– Darhaqiqat dunyo mamlakatlarini tashvishga solib turgan bu vabo O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Davlatimiz rahbariyati, hukumat xalqning xavfsizligini, sog‘lig‘ini ta'minlash maqsadida keskin choralarni zudlik bilan yo‘lga qo‘ydi. Musulmonlar idorasi ham diniy masalalarga oid kerakli va muhim fatvolarni e'lon qildi. Xalqimizni va o‘zimni ham ushbu fatvolar va qo‘yilgan talablarga rioya qilishga, itoat qilishga chaqirib qolgan bo‘lardim. Chunki, bu bizga vojib amal bo‘lib turibdi.

«Hayatad insana muqaddamun alal-farz» – bu eng ulug‘ qoidalarimizdan biri. Inson hayoti har qanday farzdan muqaddam turadi. Biz Islomda tijorat odobini zikr qilishdan avval, mo‘min-musulmon odamning ana shunday vaziyatga tushib qolganda o‘zini qanday tutishi haqida gapirib o‘tishimiz kerak. Bu muhim hisoblanadi. Tijoriy holatlar ham shunga bog‘liq.

Vabo – bandalarni sinash, jazolash yoki poklash uchun yuboriladi

– Bizning aqidamizda vabo – Alloh subhanahu taoloning bandalariga ba'zan sinov uchun, ba'zida jazolash uchun va ba'zan ularni poklash uchun yuboradigan narsadir.

Qur'on oyatlarida ham o‘zini ehtiyot qilishga chaqiriqlar bor

– Chumolilar podshohi qavmiga qarata: «Uylaringga kiringlar, Sulaymonning qo‘shini sizlarni bilmagan holda ezib, halok qilib qo‘ymasin», demoqda. Ya'ni, og‘ir vaziyat paydo bo‘lganida, chumolilar podshosi xalqini ogohlantirmoqda.

Vabo chiqqanda sabr qilib uyda qolganga qanday savob bor?