O‘zbekiston | 13:43 / 05.04.2020
59451
2 daqiqa o‘qiladi

Minglab fuqarolar uchun karantin muddati tugamaguncha bemorlar kamayishini kutib bo‘lmaydi – Otabekov

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar sonining kamayishi – karantinga olingan 100 mingdan ortiq fuqarolar uchun karantin muddati tugashiga bog‘liq. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

«Hozirgi vaqtda bemorlar bilan kontaktda bo‘lgan va karantinga olingan fuqarolar soni 100 mingdan ortiq ekanini inobatga olganda, tabiyki ular orasida ham bemorlar aniqlanadi. Shu sababli karantinga olingan fuqarolarning karantin davri tugamaguncha kasallikning kamayishini kutib bo‘lmaydi», – deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda koronavirus aniqlangan bemorlarning yarmidan ko‘pi virusni mamlakat ichkarisida yuqtirib olgan.

«Kechagi kun holatiga ko‘ra, aniqlangan 263 nafar bemorning 102 nafari xorijdan kelgan fuqarolar bo‘lib, ular virusni chet elda yuqtirib olgan. Qolgan 161 nafari esa virusni boshqa bemorlar bilan muloqotda bo‘lish natijasida yuqtirgan.

Bu – kasallikni jilovlash uchun muloqotni cheklash qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatadi», dedi Nurmat Otabekov 5 aprel kungi brifingda.

Ma'lumot uchun, 4-5 aprel kunlari yana 71ta yangi holat aniqlanib, jami bemorlar soni 298 nafarga yetdi.

Mavzuga oid