Jamiyat | 15:46 / 09.04.2020
47372
2 daqiqa o‘qiladi

SSV: Piyoz koronavirusni to‘plab olib o‘ldirishi – safsata

Ijtimoiy tarmoqlarda piyozning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan koronavirusni o‘ldirishi ta'riflangan videolavha tarqaldi.

Videoda o‘zini Zilola deb tanishtirgan xonim piyozning xususiyatlarini juda ishonarli tasvirlashga urinadi:

«O‘zimizning oddiy piyozni ikkiga-uchga bo‘lib, derazalar oldiga, shkaflar ichiga, xullas odam kiradigan joylarga qo‘yib tashlansa, bu har qanday virusni o‘ziga tortib olib, kasallik tarqalishining oldini olarkan. Har ikki uch kunda almashtirib turish kerak ekan. E'tibor berib qaralsa, o‘sha piyoz barcha viruslarni, koronavirusni ham o‘ziga tortib olarkan va o‘ldirarkan, shu tufayli qorayib qolarkan.

Iltimos, shu videoni tarqatvoringlar, hozirgina qirg‘izistonlik akaxonim aytdi, ular Xitoydan ko‘rib shunday qilishibdi», deydi ayol hammaga salomatlik tilaganicha.

Bu gaplar qanchalik asosli ekani bilan qiziqqan Kun.uz muxbiri Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirusga qarshi kurash shtabi mas'ul xodimi Saidmurod Saidaliyev bilan bog‘landi.

«Piyoz organizm uchun foydali mahsulotligi, jumladan bakteritsid xususiyatga ham ega ekani shubhasiz. Chunki uning tarkibida fitonsid moddalar mavjud va ular ko‘plab bakteriyalarni o‘ldirish xususiyatiga ega. Ammo piyozning viruslarni o‘ziga tortib olishi va o‘ldirishi safsatadan o‘zga narsa emas.

Bo‘laklarga bo‘lib uyga sochib chiqishning koronavirusdan himoyalashi va bu kasallikka davo bo‘lishi ilmiy jihatdan umuman asoslanmagan. Piyoz ham kesib qo‘yilsa, har qanday boshqa sabzavot singari vaqt o‘tib eskiradi, qorayadi yoki boshqa tusga kiradi. Bu aslo viruslarga bog‘liq emas.

Yurtdoshlarimizga internetdagi «mutaxassis»lardan emas, bevosita soha vakillaridan maslahat olishni tavsiya qilgan bo‘lardim», dedi Saidmurod Saidaliyev.

Mavzuga oid