Xitoyning Vashingtondagi elchisi koronavirus pandemiyasi fonida ikki mamlakat aloqalari haqidagi mulohazalarini bildirdi. Uning maqolasi The New York Times`da chop etildi.
«Nyu-York – AQShda men eng yaxshi ko‘radigan shahar. Men u yerda yashadim, ishladim, Xitoyning AQShdagi elchisi sifatida faoliyat boshlagandan keyin ham tez-tez mehmon bo‘ldim.

Foto: Xinhua News Agency/Getty Image
Butun dunyoni zabt etayotgan COVID-19 bu tungi bedor, shovqinli megapolisda ham hayotni to‘xtatib qo‘ygani achinarli hol. Virus muammosi shunchalik katta masshtabdaki, u millat, irq tanlamaydi.
Yaqindagina pandemiyadan zarba ko‘rgan Xitoy amerikaliklarning vaziyatini yaxshi tushunadi. Biz virusga qarshi kurashda katta qurbonlar berdik. U bilan kurash AQShda ham, umuman, dunyoning biron nuqtasida oson kechmaydi. Og‘ir daqiqalarda bizning do‘stlarimiz, shu jumladan, amerikaliklar, nyu-yorkliklar yordam qo‘lini cho‘zishdi. Xitoy buni hech qachon unutmaydi.
Endi navbat bizniki: yordam berishga tayyormiz.
Tan olish kerak, pandemiya masalasida Xitoy va AQSh o‘rtasida uncha yoqimli bo‘lmagan muloqotlar o‘tdi. Ammo hozir aybdorni izlash vaqti emas. Hozir hamjihatlik, o‘zaro yordam, hamkorlik vaqti.
100 nafardan ziyod xitoylik tibbiyot ekspertlarini hayotlarni qutqarish uchun xorijga yo‘l olishga undagan maqsad – o‘zaro yordam. AQSh va boshqa davlatlarda bemorlar bilan to‘lib ketgan shifoxonalarga yordam uchun test to‘plamlari, himoya niqoblari, tibbiyot uskunalarini yuborishdan maqsad – hamjihatlik. Virus haqida turli savollarga javob izlayotgan davlatlar bilan o‘z tajribamizni bo‘lishishdan maqsad – hamkorlik.
Yaqinda prezident Tramp bilan bo‘lgan telefon muloqotida Xitoy rahbari Si Tszinpin hamjihatlikning ahamiyatini ta'kidladi, imkoniyat doirasida yordamga tayyorligini bildirdi.
Xitoy kasallik haqidagi ma'lumotlar, u bilan kurashish bo‘yicha o‘z tajribasi haqida uzluksiz axborot berib bormoqda. Xuddi shu maqsadda virus haqida onlayn ma'lumotlar bazasi – COVID-19 yaratildi, barcha mamlakatlar undan bemalol foydalanishi mumkin.
Xitoylik va amerikalik sog‘liqni saqlash ekspertlari o‘zaro aloqalarni ushlab turishibdi, bilim va malaka almashishyapti.

















