Sport | 09:10 / 12.04.2020
17129
3 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan Xitoydan yuborilgan gumanitar yordamga o‘z hissasini qo‘shdi

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan Xitoydan O‘zbekistonga yuborilgan gumanitar yordamga o‘z hissasini qo‘shdi. Bu haqda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: O‘zA

10 aprel kuni Mudofaa vazirligining maxsus borti bilan Xitoydan O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun muhim tibbiy vositalar yuborildi. Jo‘natilgan yuklarning aksari sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sotib olingan va ular orasida maxsus tibbiy karavot, raqamli rentgen uskunalari, operatsiya stollari hamda yana o‘nlab turdagi zarur vositalar bor.

Maxsus reysda, shuningdek, gumanitar yordam yuklari ham bo‘lgan. Tibbiyot vositalari ko‘rinishidagi insonparvarlik yordamiga Xitoyda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar ham o‘z hissalarini qo‘shishdi. Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Odil Ahmedov, milliy jamoaning sobiq bosh murabbiyi va hozirda Xitoyning «Chanchun Yatay» jamoasini boshqarayotgan Samvel Babayan, shuningdek, o‘zbekistonlik tadbirkor Gulbahor Tojimirzayeva O‘zbekistonga o‘z hisoblaridan tibbiy vositalar yuborishgan.

Oldinroq ham Xitoydan O‘zbekistonga gumanitar yordam kelgandi. 6 aprel kuni Osiyoning eng boy odami xitoylik Jyek Maga tegishli «Alibaba Group» ShHT mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonga ham koronavirusga qarshi kurash uchun tibbiy vositalar yuborgandi. O‘z navbatida O‘zbekiston ham fevral va mart oylarida Xitoyga ikki marta insonparvarlik yordami jo‘natgandi.

O‘zbek futboli vakillari koronavirusga qarshi kurashda faol bo‘lmoqda. Samvel Babayan va Odil Ahmedovdan tashqari yana bir qator futbol vakillari xayriya ishlarida qatnashdi. «Sharja» futbolchisi Otabek Shukurov chiroqchilik hamqishloqlariga 100 million so‘m miqdorida oziq-ovqatlar hadya qilgandi.

Odil Ahmedov oldinroq yana bir futbolchi ukasi Azim Ahmedov hamda akasi aktyor Yoqub Ahmedov bilan birga Namangandagi kam ta'minlangan oilalarga 500 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ehson qilgan bo‘lsa, O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov koronavirus pandemiyasi sabab Rossiyada qolib ketgan «Bunyodkor-2004» jamoasi futbolchilariga bir muddat g‘amxo‘rlik qilib, ularning Moskvagacha bo‘lgan chiptalarini olib bergandi.

Mavzuga oid