Jahon | 18:50 / 22.04.2020
27283
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili yana siyosatga qaytmoqda. Zelenskiy unga mansab taklif qilgan

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili yana Ukraina siyosatiga qaytishi mumkin. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy unga bosh vazirning islohotlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lishni taklif qilgan. Bu haqda Saakashvili feysbukdagi sahifasida ma'lum qilgan.

Foto: ARKHIP VERESHCHAGIN/TASS

«Prezident Zelenskiydan islohotlar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari bo‘lish taklifini olganim men uchun sharaf. Bosh vazir bilan hukumatda ishlashim masalasini muhokama qildik.

Mamlakat uchun murakkab bo‘lgan davrda taklifga mas'uliyat bilan yondashaman. Bizni iqtisodda, umuman, hayotda qiyinchiliklar kutmoqda. Hozir qaror chiqarishda va islohotlarda har qachongidan qat'iyatliroq bo‘lishimiz kerak», deb yozdi Saakashvili.

O‘z vaqtida Ukrainaning Odessa oblasti gubernatori bo‘lib ishlagan Saakashvilining postidan u taklifni qabul qilganini bilish mumkin.

«Sluga naroda» partiyasidan saylangan deputat Aleksandr Kachurning aytishicha, Saakashvilining nomzodi chindan islohotlar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga ko‘rib chiqilgan. Zelenskiyning rasmiy vakillari bu xabarlarga munosabat bildirgani yo‘q.

Ukraina nashrlarining yozishicha, Saakashvilini bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlash masalasi juma kuniyoq ko‘rib chiqilishi mumkin. 

Vladimir Zelenskiy 2019 yil Saakashviliga Ukraina fuqaroligini qaytargandi. Uning fuqaroligi 2017 yilda sobiq prezident Petro Poroshenko tomonidan bekor qilingan. Saylovoldi dasturida ham Zelenskiydan Saakashvili borasida fikrlarini so‘rashgandi va u Gruziya sobiq prezidentini Yevropada demokratiyani ta'minlash uchun kurashgan, korrupsiyaga qarshi kurashda tajribasi bor, deb maqtagandi.

Saakashvili 2014 yil Ukrainadagi islohotlarni, xususan, Maydan voqealarini qo‘llashi ortidan Poroshenko unga Ukraina fuqaroligini bergandi. U avvaliga prezident maslahatchisi, 2015 yildan esa 1,5 yil davomida Odessa gubernatori bo‘lib ishlagan. Poroshenko bilan kelisholmay qolgach, ishdan ketgan va fuqaroligi ham bekor qilingandi.

Fuqaroligi bekor qilingach, Saakashviliga 2021 yilgacha Ukrainaga kirish taqiqlandi. Ammo u 2018 yil Kiyevda qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng siyosatchi samolyotda Polshaga jo‘natib yuboriladi. 2015 yilda Saakashvili Ukraina fuqaroligini olgach, Gruziya fuqaroligidan mahrum qilingan. 2004-13 yillarda 8 yil davomida Gruziya prezidenti bo‘lgan Saakashviliga mamlakatda qator ayblovlar e'lon qilingan. Ammo ko‘plab gruziyaliklar Saakashvili olib borgan islohotlar vaqtida mamlakatda hayot tarzi yaxshilanganini aytishadi.

Mavzuga oid