– Pandemiya davrida butun dunyo boshqa tartib va qoidalar bilan yashashga majbur bo‘ldi. Xususan, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va bank faoliyati ham bundan mustasno emas. Ayni paytda sizning rahbarligingizda «Asaka» bankida ishlar qanday tashkil etgan?

– Shubhasiz, biz birinchi navbatda karantin talablaridan kelib chiqqan holda ishlarni tashkillashtirmoqdamiz. Xodimlar asosan masofadan turib ishlayapti. Bankda bo‘lishi zarur bo‘lgan front-ofis xodimlari esa maxsus kiyim va individual himoya vositalari bilan ta'minlangan. Bosh ofis va Bankning barcha filiallarida barcha xonalar, shuningdek, transport vositalari ham muntazam dezinfeksiya qilinyapti. Kassaga kelib tushgan naqd pullarga kimyoviy ishlov berilgach, saqlash uchun omborga tushirilmoqda.

Bundan tashqari, ta'tilga chiqishiga to‘g‘ri kelgan xodimlarimizni ham unutib qo‘yganimiz yo‘q. Ular uchun onlayn treninglar va bank sohasi qonunchiligi, ichki korporativ madaniyat va odob, xizmat ko‘rsatish standartlari, bugungi kun bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab dolzarb masalalarni keng qamrab olgan vebinarlar tashkillashtirilmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, Bankimiz mijozlari, umuman O‘zbekiston aholisiga onlayn xizmatlarimizdan foydalanishni tavsiya qilyapmiz.

Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Asaka mobile, Asaka business, My Asaka web mobil ilovalarimiz yordamida bankimiz mijozlari uydan chiqmay turib osonlik bilan turli to‘lovlarni amalga oshirishi, xalqaro pul o‘tkazmalarini olish, omonat yoki overdraftni rasmiylashtirish, plastik kartalarini boshqarishlari mumkin. Shuning bilan birga, Asaka bankining Aloqa markazi kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Mutaxassislarimiz kunu-tun mijozlarning turli savollariga javob berib, har bir masalani hal etishga tayyor turishibdi.

Bundan tashqari, Bank Telegram-chati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Agar bankka kelish ehtiyoji tug‘ilgan taqdirda ham barcha havfsizlik choralar ko‘rilgan. Biz uchun har bir mijozimizning sog‘lig‘i o‘ta muhim.

– Koronavirus tufayli yuzaga kelgan qiyin vaziyatda tadbirkorlar va jismoniy shaxslar ham moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shu bilan birga, ayrim shaxslarning to‘lov majburiyatlari saqlanmoqda. «Asaka» bank mijozlari uchun bu sharoitda qanday yengilliklar taqdim etildi? 

– Mijozlar qiyin vaziyatda qolishining oldini olish maqsadida kredit ta'tillari e'lon qildik. Buning uchun bankka kelish shart emas. Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimiz orqali mijozlarimiz, jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishidan qat'iy nazar istagan xizmat turidan masofadan turib foydalanishi mumkinligini eslatib o‘tyapmiz. Buning uchun yuqorida aytib o‘tganimizdek, Asaka mobile, Asaka business, My Asaka web ilovalarimiz bor.