So‘nggi bir yarim oy ichida vakolatli davlat organlari tomonidan karantin qoidalarini buzish, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va boshqa shu kabi ko‘plab huquqbuzarliklarga oid 100 mingdan oshiq ishlar ko‘rildi. Boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun qoidabuzarlarga ma'muriy qamoq yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atilishigacha bo‘lgan qat'iy choralar ko‘rildi. Hatto ko‘chada tibbiyot niqobisiz yurgan yoshlar 15 sutkaga qamalganiga oid holatlarga ham guvoh bo‘ldik. 

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti, xonanda Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan haqoratomuz so‘zlari va harakatlari aks etgan videoroliklar tarqaldi. Ularda xonanda tungi vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tashabbus ko‘rsatib Sardobadagi toshqindan jabr ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun o‘tkazayotgan xayriya tadbirlarida xavfsizlik choralari va tartib-intizomni ta'minlab bermaganidan noroziligini bayon qiladi.

Videoda Yulduz Usmonova karantin choralari amal qilib turgan bir vaqtda, jamoat joyida tibbiyot niqobisiz yurganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, u ichki ishlar organlari xodimlari (aniqrog‘i tizimining) sha'ni, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan so‘zlar aytadi va harakatlar amalga oshiradi. 

«GAI keldi, shu trassaga qarayman deb. Odam ber dedim, mana bu yerga qaragani, ko‘rdinglar, xo‘p dedi, ketdi, bermadi. Uchastkovoy shunday yarim soat ***ga bir tepib keldi, yarim soat ko‘rindida og‘zini ochib qochvordi. Endi men bunaqangi bezalabrnostni (palapartishlikni - tahr.) ko‘rmaganman. Yo‘q sizlarga, yo‘q, nol v karboke vy. Ni kakoy uvajyeniye, kakoy uvajyeniye kakoye lyubvi mojyet byt. Vot vam uvajyeniye (shu kadrda qo‘l harakati bilan haqorat belgisini ko‘rsatadi - tahr). Uvajyeniye nado zaslujivat, uvajayemyye lyudi v pogonax. Men mutlaqo aytyapman, jurnalistlarimiz, yozinglar, yoritinglar shunaqa narsani. Vidite spyat oni takogo vremya. Omon bo‘linglar!», deydi xonanda instagramdagi sahifasiga joylashtirilgan videoda.

U yana bir videoda xodimlarning otalarini la'natlaydi.

«Bugun Mirzo Ulug‘bek tumanining melisasining zami (tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin – tahr.) trassaga qarayman dedi. Mayor edi. Bitta melisa bering, GAI bering, eplolmay qoldik dedim, xo‘p dedi, bermadi. Uchastkovoy chiqmadi.

Padarla'nati bo‘ldilaring bugun. Xalq birlashdi, xalqning yonida turmadilaring. Tfu! GAIlarga, melisalarga», deya haqoratini davom ettiradi xonanda.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.