O‘zbekiston | 11:20 / 07.05.2020
13302
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kartoshkachilik klasterlari tashkil etiladi

Kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi.

Foto: Fotolia

Prezidentning “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi.

Bildirilishicha, innovatsion va resurs tejamkor texnologiyalar asosida yaxlit maydonlarda iste'mol va urug‘lik kartoshka yetishtirish hamda sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Qaror bilan iste'mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar hamda hududlar ro‘yxati tasdiqlandi.

2020 yil 1 maydan boshlab kartoshka yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari, shuningdek, kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarining urug‘lik kartoshka xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ularga 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratiladi.

2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatga chetdan olib kirilayotgan urug‘lik kartoshka bojxona bojidan ozod etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid