Toshkent viloyatida “Xotira va qadrlash kuni” hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.

Bugun Toshkent viloyat hokimligi majlislar zali Ikkinchi jahon urushida vatan ozodligi uchun jang qilgan, urush va mehnat frontida mardonavor kurashgan bir guruh yurtdoshlarimiz tantanavor musiqa sadolari ostida viloyat hokimi Rustam Xolmatov, sektor rahbarlari izzat-ikrom bilan kutib olindi.

Ularga O‘zbekiston prezidentining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi hamda pul mukofoti, medal, esdalik sovg‘alari tantanali vaziyatda topshirildi.

O‘zbekiston prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri videokonferens-aloqa orqali urush faxriylari, front ortida jasorat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizga samimiy dil so‘zlarini, bayram tabriklarini yo‘lladi. Joylarda, urush qatnashchilarining uylarida tashkil etilgan studiyalarda, viloyat hokimligidagi tantanovar jihozlangan studiyada mazkur muloqotni faxriylar katta qiziqish, e'tibor bilan tingladi.

So‘ngra to‘kin dasturxon atrofida urush va mehnat faxriylari fayzli suhbatni davom ettirishdi.

Viloyat hokimi Rustam Xolmatov Nurafshon shahridagi “Motamsaro ona” monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi va hurmat bajo keltirdi. Marosimda sektor rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Bugungi kunda viloyatimiz bo‘yicha jami 84 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi. Bayram arafasida viloyat hokimi, sektor rahbarlari, shahar va tumanlarning hokimlari ularning xonadonlarida bo‘lib, pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirdilar.

Bayram arafasida viloyatning tuman va shaharlaridagi urush qatnashchilari xotirasiga o‘rnatilgan haykallar, monumentlar holati o‘rganilib, restavratsiya qilish va atrofini obodonlashtirishga ham e'tibor qaratildi.

Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida Italiya qarshilik harakatining faol a'zosi, Sovet Ittifoqi hamda Italiya milliy qahramoni Fyodor Poletayev xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent viloyati Angren shahar “Said Ota” mahallasida 1972 yilda monument o‘rnatilgan.