Janubiy Koreya hukumati 9 may kuni 18 kishida virus aniqlangani haqida ma'lum qildi, 10 may kuni 34ta yangi holat haqida e'lon qilindi - bu so‘nggi oy ichidagi eng yuqori kunlik o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ldi, shundan 26 holat manbasi mamlakat ichkarisidagi bemorlar, 8 holat xorij bilan bog‘liq (so‘nggi marta 12 aprel kuni 32 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, 30 aprel kuni esa mamlakatda birorta yangi holat qayd etilmagandi). Prezident Mun Je In mamlakatda virus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Mamlakatda 6 maydan faqat ehtiyotkorlik va profilaktika choralariga rioya qilishni ko‘zda tutuvchi «kundalik hayotdagi karantin» rejimi joriy etilgandi. Endilikda hukumat cheklovlarni qaytardi hamda barcha barlar va restoranlar yopildi.
Bunga koronavirus yuqtirgani gumonlangan 29 yoshli yigit 2 mayga o‘tar kechasi Itevon shahridagi 5ta tungi klubga borib, ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lgan. Keyinchalik unga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. 9 may kuni tasdiqlangan 18ta holatning 17tasi aynan u bilan bog‘liqligi ma'lum bo‘lgan. Hukumat shu vaqt oralig‘ida tungi klubda bo‘lgan 1,5 mingga yaqin odamni topib, ularni tekshirishni buyurgan.
Ayni vaqtga kelib Janubiy Koreyada koronavirusga chalinish holatlari soni 10 874taga yetdi, bemorlarning 9 610 nafari sog‘aygan, 256 nafari vafot etgan. 1008 kishi shifoxonalarda davolanmoqda.
Germaniyada ham yangi holatlar o‘sa boshladi; bu mamlakatda chorshanba kuni karantin choralari yengillashtirilgandi.

Robert Kox nomidagi Infeksion kasalliklar tadqiqotlari bo‘yicha institut ma'lumotlariga ko‘ra, bir kishining boshqalarga kasallik yuqtirishini ifodalovchi reproduktiv son — R ko‘rsatkichi 1,1’dan oshgan. Germaniyada 9 may kuni 736ta yangi holat qayd etildi, 10 may kuni bemorlar soni 315taga oshdi. Jami zararlanish holatlari soni 171 639taga yetgan, 7,5 mingdan ortiq bemor vafot etgan.
Sotsial-demokratlar partiyasidan Bundestag deputati, professor-virusolog Karl Lauterbax koronavirus yana keng ko‘lamda tarqala boshlashidan ogohlantirdi. U shanba kuni o‘z shahri Kyoln ko‘chalarida to‘p-to‘p bo‘lib yurgan hamshaharlarini ko‘rgach, shunday bayonot bilan chiqdi.


















