Kun.uz bilan bog‘langan Andijon viloyati Andijon shahri 13-ixtisoslashgan davlat umumta'lim o‘qituvchisi Iskandar Sattiboyev hamda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani 65-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi internati o‘qituvchisi Isroil Tillaboyev masofadan dars o‘tish tajribasi haqida fikrini bildirdi.

Iskandar Sattibayev:

– Birinchi navbatda, mana 15 martda respublikamizda birinchi koronavirus kasalligi qayd etilgan edi. Aprel oyi boshida boshlanishi kerak bo‘lgan  4-chorak boshlanmay qoldi va biz mana shu o‘n kunlik ta'til ichida darslarimizni onlayn ta'limga o‘tkazish chora-tadbirlarini boshladik.

Hozirda Andijon viloyat xalq ta'limi vazirligining asosiy platformasi Telegram messenjeri bo‘lib turibdi. Mavjud bo‘lgan sinflarning har biri o‘zining nomi bilan bitta Telegram guruh ochgan. Mana shu guruh ichida ushbu sinfga aloqador bo‘lgan ota-onalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar – hammasi shu bitta guruhda to‘planishgan. Misol uchun, bitta 7-“A” sinfni oladigan bo‘lsak, bunda 70 tadan 80 nafargacha a'zo bor. Ota-onalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar. Qolaversa har bir guruhga rahbar xodimlar – sinf rahbarlari, direktor o‘rinbosarlari biriktirilgan.

Mana har kungi respublika miqyosida bo‘yicha televizor orqali berib borilayotgan teledarslarning jadvali avvaldan e'lon qilinyapti. Misol uchun 9-sinflar uchun o‘zbek tilidagi ingliz tili darsi 9:15 yoki 9:30 atrofida qo‘yilyapti. 7-sinflar uchun soat 13:00 bilan 14:00 orasida oralig‘ida namoyish etilmoqda. Misol uchun, men ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganim uchun ertangi jadvalni ko‘rib olaman va o‘sha vaqtda men ham o‘sha kanalga ulanib turaman. Bu onlayn darslar respublika miqyosida hamma joyga tarqatiladi. Shu kungi darsning umumiy mavzusi e'lon qilinadi. Bu yerda o‘qituvchi o‘zining tushunchasi bo‘yicha asosiy tushunchalarni va keyingi kun uchun topshiriqlarni beradi. Bu dars tugagandan keyin, men kompyuter orqali ko‘rsatuvlarni qayta ko‘ryapman va har bitta kerakli joylarini “Screenshot” qilib boraman. “Screenshot” yordamida slayd tayyorlayman va televizor orqali tarqatilgan ma'lumotlarni qo‘shimcha tushuntirishlari bilan, izohlari bilan yoki ba'zida “youtube”dan kerakli videolarni ko‘chirib olib, ma'lumotlarni yanada to‘ldirib, shartli ravishda aytadigan bo‘lsak, 7-“A” sinfning guruhiga tashlayman.

Iskandar Sattibayev

Endi ushbu guruhda Iskandar Sattiboyevdan onlayn dars keldi, degan xabar boradi va ushbu xabarning tagidan men yo izohli, yo matnli topshiriq qoldiraman. Shu bilan birga ovozli xabar ham qoldiraman va qachon, qaysi vaqtgacha qabul qilib olishimni ham aytib o‘taman. Masalan, dars bugun 10:00 da bo‘lgan bo‘lsa, ertaga 17:00 gacha topshirishingiz kerak, deb aytib qo‘yaman. Men topshiriqlarni ko‘rib chiqib, topshirgan o‘quvchilarni baholab, ushbu o‘quvchilarning ro‘yxatini kechki payt e'lon ham qilaman.