O‘quv markazini ochishda nimalarga ahamiyat berish kerak?

– Ta'lim sohasining rivojlanishida xususiy ta'limning o‘rni katta. Chunki faqatgina xususiy ta'limda kreativ g‘oyalar, yangiliklar birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘yiladi. Xususiy ta'lim ta'lim tizimida yangi trendlarni yo‘lga qo‘yishda yordam berishi mumkin.

O‘quv markazi ochishda hozirda biroz kutib turishni maslahat bergan bo‘lardim. Hozir joy qidirib, ta'mirlashga pul sarflab, investitsiya kiritib, pullarni sarflab qo‘ymasdan naqd pulni ushlab turish kerak. Hozir darhol biznes ochadigan payt emas. O‘ylamanki, vaziyatni ko‘rish kerak. Misol uchun, yozda, sentabr oyida vaziyat qanday bo‘lishini ko‘rish kerak. Ana undan keyin xulosa qilib, o‘quv markazi ochish mumkin deb o‘ylayman. Yozda vaqtni tayyorlanishga sarflash mumkin: sohani chuqurroq o‘rganish, jamoani yig‘ish, konsepsiya, biznes reja tayyorlash. Kuzda vaziyatga qarab, faoliyat boshlasa bo‘ladi.

O‘quv markazlariga ishga qaytishga ruxsat berilsa ham vaziyat qanday bo‘lishi haqida tasavvurimiz yetarlicha emas.

Ya'ni masalan, o‘quv markazlarida bitta xonada 5-8 nafardan ortiq o‘quvchi o‘tirmasin deyilishi mumkin. Bu tushumga ta'sir qiladi. Tushumni ilgari o‘quv markazining barcha xonalarini o‘quvchilar bilan to‘ldirish hisobiga o‘stirgan bo‘lsak, endi bu narsaga tabiiy cheklov bo‘lishi mumkin. Biz istasak ham o‘quv markazining barcha xonalarini to‘ldirib, 10-15 nafardan odam yig‘a olmasligimiz mumkin. Shu sababli hozir o‘ylab, qanday cheklovlari bo‘lishi mumkinligini kuzatib turadigan payt. Shundan kelib chiqib, biznesga kirish kerak.

Agar o‘quvchilar soni 2-3 baravargacha qisqartirilsa, o‘quv markazini yurgizish hattoki norentabel bo‘lishi, ya'ni bu katta foyda keltirmaydigan biznesga aylanib qolishi mumkin. Ana shunday kutilmagan holat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hozirdan bino olib, uni ta'mirlashga kirishishni tavsiya qilmayman. Biroz kutib, vaziyat barqarorlashgach, keyingi qadamlarni qo‘yish kerak deb o‘ylayman.

Jahongir Po‘latov

Jahongir Po‘latov o‘quv markaziga bino ijarasi uchun to‘lov miqdorini kamaytirish bo‘yicha ijarachi bilan kelishishni biznes rentabelligini saqlash bo‘yicha yechim deb hisoblaydi. Agar ijara to‘lovi miqdori pasaytirilmasa, taslim bo‘lish kerak emasligini aytib o‘tdi.

– O‘quvchilar sonini ko‘paytirishga harakat qilish kerak. Hattoki, tabiiy cheklov, misol uchun bir xonada 8-10 o‘quvchi o‘qitinglar deyilgan taqdirda ham onlayn o‘qitib bo‘lsa ham o‘quvchilar sonini ko‘paytirishga harakat qilish kerak. Oflaynga hamma qaytgani bilan ayrim ota-onalar farzandini o‘quv markaziga yuborishga qo‘rqadi. Hali vaksina topilmadi, kasal yuqtirib olish ehtimoli mavjud, deb o‘quv markaziga bormay qo‘ya qolgin deyishi mumkin. O‘quvchilarning muayyan qismi onlaynda qolishi mumkin. Onlaynda qoladigan qismini ham o‘ziga mijoz qilib olish uchun oflaynga qaytilgan taqdirda ham onlaynni saqlab qolish kerak.