Idora saytida, mazkur namoz qanday o‘qilishiga doir ma'lumotlar joylandi.

Zuho namozi qanday namoz?

Zuho namozi manbalarda turli nomlar bilan zikr qilingan bo‘lib, ko‘proq “Ishroq namozi”, “Shuruq namozi”, “Avvobiyn namozi” va “Choshgoh namozi” deb yuritiladi.

Hukmi: Zuho namozini ado etish nafl amal sanaladi. Nafl deb, kishini o‘z ixtiyori bilan farzga qo‘shimcha tarzda bajaradigan amaliga aytiladi. Ya'ni, Zuho namozi – bir kunda besh mahal ado etilishi majburiy bo‘lgan farz namozlarini to‘ldiruvchi, ixtiyoriy suratda ado etilsa, ulkan savob bo‘ladigan namoz hisoblanadi.   

Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda, ya'ni quyosh chiqqandan taxminan 20 daqiqa keyin boshlanadi.

Oxirgi vaqti esa kun tikkaga kelgan vaqtdan bir soat avvalgi vaqtgacha hisoblanadi. Ushbu ikki vaqt oralig‘ida Zuho namozini ado etish mumkin.

Necha rakatdan iborat?

Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qish mumkin. Eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlari Oisha raziyallohu anhodan naql qilingan. Zuho namozida ma'lum suralarni o‘qish shart qilinmagan. Ushbu namoz ovoz chiqarmasdan maxfiy, yolg‘iz holatda o‘qiladi

Ushbu namozning fazilati

Zuho namozining fazilatiga doir ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Jumladan, Muoz ibn Anas al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to zuho namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim zuho namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning har bir a'zoingizga sadaqa vojibdir. Har bir tasbihingiz – sadaqa, har bir hamd aytishingiz – sadaqa, har bir tahlilingiz (“La ilaha illalloh”, deyishingiz) – sadaqa, har bir takbiringiz – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz – sadaqa, yomonlikdan qaytarishingiz – sadaqa. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namozini o‘qishingiz kifoyadir”, - dedilar (Imom Muslim rivoyatlari)