O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida 26 may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

«Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham ko‘payganligi qayd etilmoqda.

Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini «kasallik tugadi» deb, noto‘g‘ri qabul qilmoqdalar.

Bugungi kunda 40ta tuman (shahar) «qizil», 45tasi «sariq» hudud sifatida qolmoqda. Eng tashvishlisi, o‘tgan 10 kunda aholi o‘rtasida kasallanganlar soni ham oshib bormoqda. Jumladan, Navoiyda 57ta, Samarqandda 73ta, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 114ta shunday holat aniqlangan.

Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam bo‘lib, uylarda turli tadbirlar o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, budjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta ko‘rib chiqsin hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritsin», degan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududlari epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib 8 maydan e'tiboran, «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratib chiqilgan edi.

«Yashil», «qizil» va «sariq» hududlar: Tumanlar va shaharlar bo‘yicha ro‘yxat