Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda havo va temir yo‘l transporti sohalari qatorida avtotransportda xalqaro yuk tashuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e'tibor qaratildi.

Prezident matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda xalqaro yuk tashuvchi transportlar soni 3 baravar oshgan, yuklarni tashishda mahalliy korxonalarning tashqi savdodagi ulushi 37 foizdan 48 foizga yetgan.

«Mahalliy tashuvchilarning qatnovlar sonini yanada oshirish, tashqi savdoda ularning ulushini 60 foizga yetkazish chora-tadbirlari belgilandi. Bitta yuk transporti besh nafargacha aholi bandligini ta'minlashi, bu tarmoqda 30 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ta'kidlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarni yangilash, bunday korxonalarni barqaror moliyaviy resurs bilan ta'minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi», – deyiladi rasmiy press-relizda.

Xabar qilinishicha, Shavkat Mirziyoyev ichki yo‘llar masalasiga alohida to‘xtalib, ularning holati yomonligi, odamlar bundan norozi ekanini aytgan.

«80 ming kilometr ichki yo‘llarni rekonstruksiya qilish, bu borada butun dunyoda qo‘llanib kelinayotgan «foydalanuvchi to‘laydi» tizimini joriy etish zarurligi ta'kidlandi.

«Qamchiq» dovonida muqobil tunnel qurilishini o‘z ichiga oluvchi «Toshkent-Andijon» pullik avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha tender e'lon qilinishi belgilandi», deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Prezident yig‘ilishida «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning nosohaviy aktivlari ko‘pligi masalasi ko‘rildi

Pullik yo‘llar

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 9 dekabrdagi prezident qarori bilan, 2020-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlarida pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalari yuzasidan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan.

Unga asosan, Qamchiq va Taxtiqoracha dovonlarida yangi pullik tonnellar, «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» yo‘nalishlarida hamda Sirdaryo – Baxt shaharlarini aylanib o‘tuvchi pullik avtomobil yo‘llari qurilishi belgilangan.