«Paxtakor» klubi bosh murabbiyi Shota Arveladze Rossiyaning Spors.ru saytiga intervyu berib, O‘zbekistondan taklif qanday tushgani, Adebayor «Paxtakor»dan necha million maosh so‘ragani, Derdiyo‘qning qancha maosh olayotgani va bir qator savollarga javob berdi. Suhbatning qisqartirilgan tarjimasini hukmingizga havola etamiz.

– Shota, hozirda «Paxtakor» bosh murabbiyisiz. Bu qanday yuz berdi?

– Alisher Usmonov tufayli «Paxtakor» klubi egasi Bobur Shodiyev bilan tanishdim. Toshkentga borib, barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ishlash va futbolni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilganligiga ishonch hosil qildim. Shundan keyin biz yana bir necha marotaba uchrashib, oxir-oqibat u meni shartnoma imzolashga ko‘ndirdi. 

– Bu siz uchun orqaga tashlangan qadamdek tuyilmadimi?

– Qachonki sen motivatsiyani yo‘qotib qo‘ysang, bu orqaga qadam tashlash bo‘ladi. Axir, murabbiy ishlashni xohlasa buning yomon joy yo‘q. Asosiysi – mahoratni oshirib, faqat oldinga borish. Shunday o‘ynaganman, endi esa shu aqidaga amal qilib faoliyat yurityapman. «Paxtakor»da ishlayotganim motivatsiyamga ta'sir qilmaydi. Qachonlardir «Real» yoki «Barselona»da murabbiylik qilsam ham xuddi hozirgi ishchan kayfiyatda bo‘laman.

– «Paxtakor» qishda Eren Derdiyo‘qni taklif etdi. Bunga qanday erishdingiz?

– U bilan yaxshi tanish ekanligimizga qaramay, uni ko‘ndirish oson bo‘lgani yo‘q. Eren eng avvalo oilasi haqida qayg‘urdi – ular uchun qulay va xavfsiz bo‘lishini istadi. Qolaversa, so‘nggi paytlarda Turkiyada deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lolmayotgandi. Bunday paytda avvalo o‘zing uchun hal qilib olishing kerak: futbolchimisan yoki pulni shunchaki oladigan biznesmen? U milliy jamoasiga qaytishni istaydi, Yevropa va jahon chempionatida to‘p surishni xohlaydi. Fikrimcha, Derdiyo‘q «Paxtakor»ga o‘tib yutdi – Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surmoqda, yaxshi sharoitlarga ega.

- Derdiyo‘q yillik 1,5 million yevro maosh olayapti. Adebayorning transferi u ko‘proq so‘ragani uchun amalga oshmay qoldimi?

– Derdiyo‘q baravariga kamroq oladi. Adebayor esa aynan shuncha so‘ragandi, ammo biz buncha to‘lay olmasdik. Adebayor bilan dekabr oyida Londonda uchrashgan edik. Uning Toshkentga kelishi va barchasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishiga kelishgandik. Sababi hamma uchun ham faqat moliyaviy shartlar emas, qayerda ishlashi, mashg‘ulot o‘tashi, o‘ynashi muhim. Ammo yakunda bu kelishuv amalga oshmay qoldi, u uzoq safarlarga uchishni yoqtirmas ekan, hattoki biroz qo‘rqarkan ham.