Aholi jon boshiga koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha Buyuk Britaniya Italiya va Ispaniyani quvib o‘tib (38 mingdan oshiq o‘lim), bugungi kunda Yevropadagi epidemiyadan eng ko‘p aziyat chekayotgan mamlakatlardan biri bo‘lib turibdi. Mamlakatdagi bunday vaziyatga OAV asosan Brexit bilan band bo‘lgan Boris Jonson hukumatini aybdor qilmoqda. Jurnalistlar hukumatdagi karantin joriy qilishning asosiy tarafdorlari bo‘lgan rahbarlar ham karantin qoidalariga amal qilmagani haqida yozishmoqda. Bu esa hukumatga nisbatan norozilikni yanada kuchaytirgan. Shuningdek, Shotlandiya va Uels hukumatlari ham Buyuk Britaniya hukumatining xatti-harakatlaridan noroziligini yashirmayapti.

Bosh vazir maslahatchisi karantinni buzgan

Muxolifatchilar hukumatni Jonson emas, uning bosh maslahatchisi Dominik Kammings boshqaradi deb hisoblaydi
Aaron Chown / PA / Scanpix / LETA

2020 yil 22 mayda Buyuk Britaniyaning ikkita yetakchi gazetasi – The Guardian va The Daily Mirror hamkorlikda bosh vazir Boris Jonsonning katta maslahatchisi Dominik Kammings bilan bog‘liq surishtiruv tafsilotlarni e'lon qilishdi. Unga ko‘ra, mart oyi oxirida koronavirus bilan kasallangan Kammings Londondan 420 kilometr uzoqlikdagi Darem shahriga o‘z avtomobilida borgan. Bu shahar uning tug‘ilgan shahri hisoblanadi va u yerda uning ota-onasi yashaydi. Safar davomida Kammingsga koronavirus yuqtirgan xotini va kichik o‘g‘li hamrohlik qilgan.

Bu yangilik darhol mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Axir Kammings nafaqat yuqori martabali hukumat amaldori, balki britaniyaliklarning «tashqi dunyo bilan aloqalarini qisqartirgan» Brexit bosh targ‘ibotchisi edi. Bosh vazir maslahatchisi sifatida u nafaqat pandemiya xavfining oldini olish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan, balki hukumatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha yig‘ilishlarida ham qatnashadi. O‘shanda u olimlarni koronavirus keng tarqalishining oldini olish uchun iloji boricha tezroq kafe, restoran kabi jamoat joylarini yopish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga undagan.

Shu sabab Kammingsning o‘zi joriy etilishida faol qatnashgan karantin qoidalarga rioya qilmagani ma'lum bo‘lganda, mamlakatdagi yetakchi gazetalar, shu jumladan Boris Jonsonga tarafdor bo‘lgan The Daily Mail ham siyosatchini qoralab chiqdi. Jonson boshchiligidagi konservatorlar partiyasining ko‘plab a'zolari uni ishdan bo‘shatish talabi bilan chiqishdi.

Biroq Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘zining katta maslahatchisiga chora ko‘rishdan bosh tortdi. 24 may kuni shu mavzuda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Boris Jonson Kammingsni himoya qilib, «U qonunni buzmagan holda, mas'uliyat bilan harakat qilgan hamda otasining instinktlariga amal qilgan», deb aytdi.