Kun.uz saytida 25 may kuni «Qorako‘llik tadbirkorning qora kunlari: faoliyatiga hokim to‘sqinlik qilayotgan chog‘da unga tabiat ham talafot yetkazdi» sarlavhasi ostidagi maqola e'lon qilingan edi.

Unda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi «Amirzoda Trade» MChJ rahbari Jo‘rabek Turdiyevning tadbirkorlik faoliyatida duch kelayotgan muammolar haqida so‘z boradi.
Ushbu maqola yuzasidan tahririyatga Buxoro viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i H.Davlatov imzosi bilan rasmiy munosabat yo‘llandi. Unda aytilishicha, Qorako‘l tuman hokimining 2018 yil 29 sentyabrdagi 1383-sonli qarorida hamda loyiha oldi hujjatlar to‘plamlarida (arxitektura rejalashtirish topshirig‘i), ajratilgan yer maydonida «3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona» binosi qurilishi ko‘zda tutilgan.
Lekin loyiha tashkiloti buyurtmachi («Amirzoda Trade» MChJ) talabi bilan loyiha takliflarini tayyorlash jarayonida asossiz hamda ushbu hududning bosh rejasiga zid ravishda, hududda rejalashtirilmagan, ya'ni birinchi variantda: «Savdo do‘konlari va avtomobillar to‘xtash maydonchasi» hamda ikkinchi variantda: «Supermarket (yuqori qismida ochiq kafe) va supermarket uchun avtomobillar to‘xtash maydonchasi» obektlarning loyiha takliflari ishlab chiqqani sababli, viloyat bosh arxitektori Z.Muhiddinovga, loyiha tashkiloti tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflari «kelishilmagan».


Shuningdek, viloyat bosh arxitektori Z.Muhiddinov tomonidan loyiha tashkiloti Aslbek Jo‘rayevga, hududning bosh rejasidan kelib chiqqan holda, Qorako‘l dehqon bozori atrofida va yaqin hududlarda avtoturargohlar yo‘qligi, bozor atrofida avtotransport vositalari tirbandligini kamaytirish, shuningdek, tuman hokimi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan «3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona» binosi qurilishining loyiha takliflarini ishlab chiqish lozimligi to‘g‘risida tushuntirilgan.
«Ajratilgan yer maydonida, loyiha tashkiloti tomonidan qurilishi rejalashtirilgan «3 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi hamda hojatxona» binosi loyiha smeta hujjatlari tayyorlab, belgilangan tartibda viloyat Qurilish bosh boshqarmasiga taqdim etilsa, viloyat bosh arxitektori tomonidan «kelishish» jarayonida hech qanday e'tiroz yo‘qligini ma'lum qilamiz», deyiladi rasmiy munosabatda.









