Sayt muxbirlari koronavirus pandemiyasi sharoitida joriy etilgan karantin sababli voqea joyiga bora olmayotgandi. 27 aprel kuni Olot va Qorako‘l tumanida ro‘y bergan kuchli dovul oqibatlarini yoritish uchun 4 may kuni Buxoroga borganimizda Jo‘rabek Turdiyev bilan uchrashdik.

Yosh tadbirkorning hikoya qilib berishicha, unga Qorako‘l tumanining avvalgi hokimi H.G‘oyirov tomonidan ajratib berilgan 0,75 ga yer maydonida tadbirkorlik obekti qurishga ruxsat berilmayapti.
Tadbirkor bu yerda uch qavatli avtomobillar to‘xtash joyi barpo etmoqchi, loyihalar tayyorlanib, kerakli tashkilotlarning ham ruxsati olingan.


Biroq, Olot tumani hokimi bo‘lib ishlaganida mushtumzo‘rligi bilan dovrug‘ qozongan, shu yil fevralida Qorako‘l tumaniga hokim bo‘lib kelgan Sherali Salomov tadbirkordan yerni qaytarishni talab qilmoqda.

Tadbirkor Jo‘rabek Turdiyevning so‘zlariga ko‘ra, loyihalarini viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi ham tasdiqlab bermayapti. Uning aytishicha, buning barchasi u yerni tuman hokimligi zaxirasi qaytarib berishi uchun qilinmoqda.
Tadbirkor pandemiya sharoitida tazyiq o‘tkazish maqsadida tuman hokimi bir necha marta uni ma'muriy qamoqqa olish yuzasidan topshiriq ham berganini ta'kidlaydi.
Tadbirkor Olot va Qorako‘l tumanlarida ko‘p marta homiylik qilgani, unga shu sababli yer berilganini aytmoqda. Qurilishga to‘sqinlik qilinayotgani uchun, qazib qo‘yilgan handaq hozir ulkan chiqindi o‘rasiga aylanib ketgan.













