1 iyun kuni Samarqandda maxsus stikerga ega bo‘lmagan haydovchilarga ham o‘z avtomobillarida shaharda ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha va kech soat 17:00 dan 20:00 gacha harakatlanishga ruxsat berilgan edi.
Ammo shu kunning o‘zida haydovchilar belgilangan vaqtda harakatlangan bo‘lishiga qaramasdan, DYHXX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, avtomashinalar jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilayotgani borasida shikoyatlar kela boshladi.
Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro U.I. Siyob bozori yaqinida o‘z avtomashinasida harakatlanayotganida soat 9:30 da DYHXX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, maxsus stikerga ega bo‘lmagani sababli mashinasi jarima maydonchasiga jo‘natilganini ma'lum qildi.
Samarqand shahrida yashovchi yana bir fuqaro T.K. ham soat 9:30 da xuddi shu sabab bilan mashinasi qamab qo‘yilganidan shikoyat qildi.
Samarqand viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Samarqand viloyat IIB vakillari ham soat 10:00 ga qadar stikersiz mashinalar jarima maydonchasiga olingan holatlar mavjudligini tasdiqladi.
Ammo YHXB faqat mashinalarni to‘xtatib berishi, hujjatlar esa davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan to‘ldirilishini ma'lum qildi.
Ammo aslida ruxsat berilgani holda o‘nlab mashinalarning jarimaga tortilishi sababi haqda YHXB tomonidan hozirgacha rasmiy ma'lumot berilmadi.
Kun.uz manbasining ma'lum qilishicha, 1 iyun kuni ertalab tegishli idoralar ishtirokida viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vaqtda stikersiz avtomashinalar harakatlanishiga ruxsat berilgan va mazkur yig‘ilishni samarqandliklar hokimlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida onlayn kuzatib, soat 10:00 gacha ko‘chada harakatlanishni boshlagan.
Muayyan muddat oralig‘ida samarqandliklarga harakatlanishga ruxsat berilgani shahar hokimligining Telegram`dagi rasmiy kanalida ham e'lon qilindi. Bu xabar so‘ngra internet saytlar va blogerlarning kanallarida tarqatildi.
Ammo bu vaqtda tegishli idoralar rahbarlari ham yig‘ilishda bo‘lgani va hali xodimlarga bu haqda buyruq bo‘lmagani sababli, stikersiz ko‘chaga chiqqach mashinalar to‘xtatilib, jarima maydonchasiga jo‘natilavergan. Albatta, bu bo‘yicha aniq izohni tegishli boshqarmalar ma'lum qilishadi.
Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspeksiyasida bo‘ldi. Bu yerda ham xuddi shu vaj bilan mashinalari jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilgan bir necha fuqarolar yig‘ilgan ekan.















