«Mamlakatimizda uzoq yillar davomida mazkur tarmoqni tizimli va ilmiy yondashuvlarga asoslangan holda rivojlantirishga yetarlicha e'tibor qaratilmadi. Bu baliqchilikning imkoniyatlarini chekladi, xo‘jaliklarda hosil yetishtirish quvvati kamayishiga sabab bo‘ldi. Hozirda baliq yetishtirish nafaqat serdaromad soha, balki uning ijtimoiy ahamiyati katta ekanligi inobatga olinib, bu bilan shug‘ullanayotgan qator tadbirkorlik sub'yektlariga davlat tomonidan subsidiya va imtiyozlar joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari ushbu sanoat salohiyatini oshirish, aholi taomnomasini baliq mahsulotlari bilan boyitish, sohaga innovatsiyalarni joriy etish, tog‘oldi hududlarda intensiv usulda baliq yetishtirib, eksport hajmini oshirish masalalariga ko‘p marta to‘xtalgan. 2017 yilda «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasi tashkil etildi. Respublikada jami 4000ga yaqin baliqchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yiliga 190 ming tonna inson organizmi uchun foydali mahsulot yetishtirilyapti», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mamlakat hududlarida intensiv usulda baliq parvarishlash korxonalari soni ham ortib bormoqda. Jumladan, 2019 yilda Namangan viloyatida baliq yetishtirish 6 ming 932 tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilga kelib bu ko‘rsatkich 20 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.

2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu viloyatga tashrifi davomida loyiha sifatida taqdimot qilingan «DB Group Eco» korxonasi 2019 yilda o‘z faoliyatini boshladi. Amalga oshirilgan loyiha qiymati 40 milliard so‘m bo‘lib, shundan 28 milliardi bank krediti, 12,5 milliardi esa loyiha tashabbuskori mablag‘idir.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 1500 tonna baliq mahsulotini tashkil qiladi. Bu yerda Yevropa tajribasiga asoslangan holda baliqning noyob turlari, forel va losos baliqlarini intensiv usulda yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Baliq uvildiriqlari va ozuqasi Daniya va Germaniyadan keltiriladi.

Asosan chuchuk  va kislorodga to‘yingan suvlarda yashaydigan, sovuqsevar ushbu baliq turlarini yetishtirish uchun korxona hovuzlariga suv Norin daryosining o‘zidan quyiladi va suv aylanma oqim bilan yana daryoning o‘ziga qaytadi. Bunda ortiqcha suv va energiya resursi sarflanmaydi.