Muhtaram do‘stlar!
Barchangizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, sizlarga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Fursatdan foydalanib, jahon miqyosida yuz bergan pandemiya tufayli vujudga kelgan bugungi murakkab vaziyat va qiyinchiliklarga qaramasdan, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni atroflicha aks ettirish yo‘lida o‘z professional burchini sidqidildan ado etib kelayotgan siz, jurnalistlar ahliga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Sizlarga ayonki, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.
Keyingi uch yilda bu borada o‘ndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Xususan, «Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratildi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash maqsadida o‘tgan bir yil davomida ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, 201ta tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi.
Ana shu xizmatlar tomonidan ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etilmoqda, hayotimizdagi muammo va hodisalarga tezkor munosabat bildirilmoqda, ularning veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlardagi sahifalari yangilab borilmoqda.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290ta xususiy va idoraviy Internet nashrlari tashkil etildi. Ular boshqa materiallar qatorida eng muhim rasmiy axborotlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda.
Eng asosiysi, ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik e'tiborini qaratayotganini alohida qayd etish lozim.














