Mazkur nashrda har yili 187 davlat va hududlar, jumladan, AQSh hukumatlarining odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash yuzasidan olib borayotgan sa'y-harakatlari aks ettiriladi. Mamlakatlar Palerma protokolining "uch P"ni kuzatadigan minimal standartlari (odam sotish bilan shug‘ullanuvchilarni jinoiy ta'qib qilish, odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va odam savdosining oldini olish) bo‘yicha baholanadi.
O‘zbekiston kuzatuv ro‘yxati (Tier 2 Watch List)dagi mamlakatlarning ikkinchi darajasida bo‘lishiga qaramasdan, hisobotda mamlakatda ijobiy yangilanishlar va hukumat tomonidan vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar qayd etib o‘tilgan.
"Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda hukumatlar xalqni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majbur qilishi uzoq tarixga ega. O‘zbekistonning ushbu muammoni hal etish borasidagi sa'y-harakatlari mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun yangi standartlarni o‘rnatmoqda", – dedi taqdimot chog‘ida Davlat kotibi.
Hisobotda qonunchilikdagi o‘zgarishlar, 2019 yilda fuqarolik faollari bilan uchinchi tomon monitoringini olib borish va odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha yuqori darajadagi milliy komissiyaning tashkil etilishi qayd etilgan.
Ushbu Milliy komissiya Senat raisi rahbarligida tashkil etilgan, shuningdek, Milliy ma'ruzachi instituti joriy etilgan. Buning natijasida profilaktika ishlari kuchaytirilgan. Mazkur komissiya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda Ichki ishlar vaziri raisligidagi 2 ta majburiy mehnatga qarshi kurashish va odam savdosiga qarshi kurashish quyi komissiyalaridan iborat.
Hisobotda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi mehnat inspektorlari sonining ko‘paytirilganligi, Inspeksiya tomonidan 21 172 ta tekshiruvlar o‘tkazilganligi, 18 332 ta murojaatlar ko‘rib chiqilganligi va 259 nafar mansabdor shaxslarga, shulardan 132 nafariga majburiy mehnat uchun ma'muriy jarima ko‘llanilganligi ijobiy baholangan.
Hukumat tomonidan majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar alohida ta'kidlangan. Xususan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun ma'muriy javobgarlikning kuchaytirilganligi, ma'muriy jazo qo‘llanilgandan keyin majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilganligiga urg‘u berilgan. Xalqaro mehnat normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirildi – XMTning 4 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi (“Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli, “Qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 129-sonli, “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 81-sonli konvensiyalar va “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnoma).















