Bugun 7 hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 255 holatdan 169tasi karantin muassasalarida, 54tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 32 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+54)
Bugun aholi orasida aniqlangan kasallar soni bo‘yicha rekord natija qayd etildi - 54 bemor. Bungacha bir kunda aholi orasida yangi holatlar aniqlanishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 11 iyun kuni qayd etilgandi - 39 holat. So‘nggi 10 kunda esa bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich 24 iyun kuni qayd etilgan - 31 holat.

Bugun aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Toshkent shahrida qayd etildi - 39 holat. Bir kun oldin poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Chilonzor tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xodimida, ichki ishlar tizimi xodimi va avtosaroy konduktorida virus chiqqan. Poytaxtda so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanmagandi.

Toshkent viloyatida aholi orasida yana 6 kishida virus aniqlangan. Viloyatda so‘nggi haftalarda uzluksiz ravishda aholi orasida yangi holatlar aniqlanmoqda, bir kun oldin Qibray va Parkent tumanlarida, shuningdek, «G‘ishtko‘prik» chegara posti navbatchi epidemiologida virus aniqlangan.

Bugun Surxondaryo va Sirdaryoda aholi orasida 4tadan holat aniqlandi, Buxoroda ham bir kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Karantin (+169)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 104 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 25 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.