O‘zbekiston | 18:58 / 10.07.2020
7524
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistondan borganlarning ikki nafarida virus aniqlangan» – Migratsiya agentligi fuqarolarni Koreyaga yuborish kechiktirilganini ma'lum qildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi charter reyslar orqali tashkiliy jo‘natilishi rejalashtirilgan Ye-9 vizasiga ega fuqarolarni Janubiy Koreyaga yuborish kechiktirilishini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, shu paytgacha Koreyaga yuborilgan 105 kishidan 2 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

«Joriy yilning 10 iyun kunidan boshlab Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda qator davlat idoralari hamkorligida Koreya Respublikasidan ta'til uchun qaytgan fuqarolarni muntazam ravishda mavjud charter reyslar orqali tashkiliy tarzda jo‘natilishi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Hozirgi kunga qadar jami ta'tilga kelgan 105 nafar fuqaro Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo‘natilgan va ularning 2 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi epidemiologik vaziyatni keskinlashganligi sababli Koreya Respublikasiga ishchi vizasi (E-9 vizasi) orqali kirib boruvchi fuqarolardan talab etilishi lozim bo‘lgan tegishli hujjatlarga o‘zgartirish kiritilganligi sababli joriy yilning iyul oyidagi charter reyslar orqali ta'tilga kelganlarni tashkiliy jo‘natilishi rejalashtirilgan Ye-9 vizasiga ega fuqarolarni vaqtinchalik Koreya Respublikasiga kirib borishi kechiktirilishini ma'lum qilamiz», deyiladi agentlik tomonidan tarqatilgan rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, agentlik tomonidan Koreya Respublikasi tomonidan ishchi vizasiga ega fuqarolarning Koreya Respublikasiga kirish uchun taqdim etilishi talab qilinadigan hujjatlar to‘g‘risida qo‘shimcha ravishda ma'lumot beriladi.

Avvalroq mehnat ta'tili davrida O‘zbekistonga kelib, 6 iyul kuni charter reys orqali Janubiy Koreyaga qaytib borgan 34 yoshli erkakda yangi turdagi koronavirus infeksiyasini yuqtirish holati aniqlangani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga chalingan o‘zbekistonliklar Koreyada o‘zi yoki ish beruvchisi hisobidan 14 kunlik majburiy karantin muddatini o‘tashadi. Shuningdek, Koreya Respublikasiga ishga ketishdan oldin O‘zbekistonda belgilangan tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari lozim.

Mavzuga oid