Vashingtonda Kun.uz bilan gaplashgan kanadalik o‘zbek, Konservativ partiya kengashi a’zosi Obidxon Mamadaliyev Migratsiya agentligidan norozi. Sababi u O‘zbekiston bilan mehnat aloqalari ijobiylashuviga hissa qo‘shish uchun agentlik faxriy vakili bo‘lishga tashabbus bildirib, hujjat topshirgan. Agentlik esa Behzod Musayev ismi tushirilgan shartnomani bergach, shu bilan muloqotni to‘xtatgan. Kanada migratsion tashkilotlari ustimizdan kulyapti, deydi yurtdoshimiz suhbat chog‘ida.

Janubiy Alberta Texnologiya instituti laboratoriyasi texnik xodimi Obidxon Mamadaliyevning Kun.uz’ga aytishicha, u yil boshida agentlik e’lon qilgan migratsiya bo‘yicha maxsus vakil vakansiyasiga qiziqqan. Yurtdoshimiz o‘z hujjatlarini jamoatchilik asosida ishlaydigan ushbu lavozimni egallash uchun jo‘natgan va migratsiya agentligidan kadrlar bo‘limi boshlig‘i Olim Qodirov, Kamoliddin ismli shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan. Ular hujjatlarni qabul qilib, tashabbusni ijobiy baholagan.

Bundan agentlik rahbari Behzod Musayevning ham xabari bo‘lgan va ma’lum javob berishdan avval Mamadaliyev suhbatga taklif qilingan. Unga suhbatdan o‘tgani, keyingi qadamlarni tashlashga imkon borligi xabar qilingan. Pochta orqali Musayevning ismi tushirilgan shartnoma unga jo‘natilgan va yurtdoshimizning aytishicha, shu bilan muloqot tugagan. Ya’ni, bir necha oylik harakatlardan so‘ng shartnomani imzolash bosqichida agentlik vakillari dialogni to‘xtatgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan Kanada fuqarosi, o‘zbek yurtdoshimizga ko‘ra, faxriy vakil bo‘lishdan maqsad mehnat munosabatlari bo‘yicha O‘zbekiston bilan aloqalarga ijobiy tus berish, ayni dam Kanadada bo‘lgan va kelgusida Kanadaga keluvchi mehnat muhojirlariga har tomonlama ko‘mak berishdan iborat edi. Lavozim jamoatchilik asosida bo‘lgan va hech qanday moddiy manfaat ko‘zlanmagan. Biroq, agentlik vakillari shunday tashabbusga ham negadir yengil va mas’uliyatsizlik bilan qaradi, deydi u.

“Kanadaga hattoki, Nepaldan ishchilar keladi. O‘zbekiston esa Ottavaning mehnat muhojirlari qabul qilinuvchi xavfsiz davlatlar ro‘yxatida ham yo‘q. 2026 yilgi mavsum tugadi, tayyor tekin ishlayman degan insonni ham qabul qilishmadi”, deydi Obidxon Mamadaliyev.

Yurtdoshimizning qo‘shimcha qilishicha, u bilan Olim va Kamoliddin ismli agentlik xodimlari aloqada bo‘lgan. Muloqot to‘xtaganidan keyin esa Obidxon pochta hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali agentlikka ulanishga harakat qilgan. Ammo, uning aytishicha, boshida lavozim bo‘yicha tasdiq xatlari va kerakli ma’lumotlar, shartnoma kelib turgan pochta manzillari endi Mamadaliyev uchun yopilgan.

“Pochta orqali xatlar jo‘natsam, sizdan bu manzilga yozish imkonsiz, degan yozuv chiqadi. Ular meni bloklab qo‘yibdi, Olim esa meni tanimasligini aytdi, bu qanday layoqatsizlik”, deydi Mamadaliyev.

Ayni dam Kanada immigratsiya vazirligi hamda migratsiya bo‘yicha tashkilotlari bu tashabbusdan xabardor, lekin jarayon to‘xtab qolgan-qolmagani bo‘yicha rasmiy doirada biror gap-so‘z yo‘q.

“Kanada immigratsion organlaridan chiqib mendan so‘rashyapti, hech nima aniq bo‘lmagach ustimdan kulishyapti”, deydi hamyurtimiz.

Bu material bilan kimnidir oq, kimnidir qora qilib ko‘rsatish maqsad qilinmagan, o‘zbek hamyurtimiz uning tashabbuslari javobsiz qoldirilganidan noroziligini bayon qilmoqda.

Kun.uz ushbu holat yuzasidan agentlikdan munosabat so‘radi, lekin tashkilot o‘z qarashini hali ma’lum qilmagan.