24 iyun kuni Kun.uz saytida «Koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar berilmayapti(mi?)» sarlavhali maqola e'lon qilinib, unda koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan shifokor Sherali Baxronovga qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanmayotgani to‘g‘risida so‘z yuritilgandi.

Oradan ma'lum muddat o‘tib, Sh.Baxronov tahririyat bilan qayta bog‘landi. Buni qarangki, bu safar u yolg‘iz emasdi: endilikda murojaat jamoaviy tus olib, uning yoniga qolgan 44 nafar hamkasbi, ya'ni RShTYoIMning Toshkent shahar Yakkasaroy tumani 10-sonli tez tibbiy yordam bo‘limining koronavirus infeksiyasiga qarshi tashkil etilgan maxsus brigadasining barcha vrachlari qo‘shilgan.

Shifokorlarning tahririyatga ma'lum qilishicha, keyinroq ularga oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovning ikki oyligi, ya'ni 2 206 000 so‘mdan to‘langan, uchinchi oy uchun esa to‘lanmay qolgan.

Bundan tashqari, 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli Prezident qarorida koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan vrach xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 25 million so‘mlik maxsus to‘lov to‘lanishi belgilangan bo‘lsa-da, bu qaror ijro etilmay, mazkur to‘lov ularga umuman to‘lanmagan.

«Karantin zonadan test natijasi ijobiy chiqqanlarni shifoxonalarga olib borib yotqizamiz. 6 foiz qo‘shimcha to‘lovning 2 oyini – 2 206 000 so‘m berishdi, 1 oyi qoldi. Maxsus to‘lovni to‘lashlarini so‘raganimizda esa mas'ullardan: «Bu to‘lov sizlarga to‘g‘ri kelmas ekan, faqat tasdiqlangan bemorlarni shifoxonada davolayotganlarga to‘lanarkan, «yuqori»dan shunday deyishyapti», degan javobni oldik.

Koronavirusga chalingan bemorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lamiz. Xudo ko‘rsatmasin-u, o‘zimiz ham infeksiya yuqtirib olib, hayotdan ko‘z yumadigan bo‘lsak, bu uchun kim javob beradi? Nega ishimizga bunchalik past nazar bilan qarashyapti?» – deydi maxsus brigada vrachlaridan biri.