Kun.uz’ning Telegram kanali orqali Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilayotgani haqida murojaat e'lon qilingan edi.

Murojaatda bo‘shagan g‘alla yer maydonlariga takroriy ekin sifatida ekish uchun fermerlarga «EGOIST AST» MChJ dan kilosini 7000 so‘mdan kartoshka urug‘i sotib olishga majburlanayotgani, xarid qilingan urug‘lik kartoshkalarning bir qismi chirib ketganligi va ekishga yaroqsizligi hikoya qilingan.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri tumandagi kartoshka urug‘i olgan fermerlar bilan suhbatlashdi, shuningdek, bozordagi narx-navo o‘rganildi, urug‘lik kartoshka tarqatayotgan korxona rahbaridan holat bo‘yicha izoh olindi.

«Kartoshka urug‘i masalasi har yilgi muammo»

Yakkabog‘ tumanidagi bozorlarda urug‘lik kartoshka sotayotgan sotuvchilardan urug‘lik narxlarini so‘rab, 5-6 ming so‘mdan sotilayotganini ko‘rdik. Ammo bozordagi mahsulot gektarlab yerga ekish uchun tonnalab o‘tkazilayotgani yo‘q. Sotuvchilardan birini suhbatga tortganimizda kartoshka yetishtirayotgan fermerlar muammolari haqida so‘zlab berdi.

«O‘zim fermerman, g‘alla, paxtadan tortib kartoshka va boshqa sabzavotlargacha ekaman. Urug‘lik kartoshka masalasiga kelsak, bizga tavsiya qilingan, 7000 so‘mdan tarqatilayotgan o‘sha kartoshka urug‘ini emas, o‘zimiz Toshkentdan 5600 so‘mdan olib keldik. Nega desangiz, ishonchli, o‘zingiz istagingizdagi narsani olib kelasiz. 2 tonnadan ziyodroq olib kelgandik, 200 kiloga yaqin kartoshka urug‘i ortgan edi, mana, bozorga olib chiqib sotyapman.

Kartoshka urug‘i masalasi har yilgi muammo: fermerga urug‘ tarqatiladi, lekin hosil yaxshi bo‘lmaydi. Fermer esa mehnati va puliga kuyib qolaveradi. Juda kam odam haqini talab qilib ololadi, to‘g‘ri ma'noda, tanishi, «orqasi» bo‘lsagina majburiyatlardan chetlab o‘tishi mumkin», — deydi sotuvchi-dehqon.

«Omborda paytidayoq chirigani ma'lum bo‘lgandi, chegirma qilib beramiz deyishdi»

Shundan so‘ng g‘alladan bo‘shagan dalaga kartoshka yetishtirayotgan ayrim fermerlar dalasiga bordik. Ekishga tayyor qilib, yoyib qo‘yilgan kartoshka turgan yerida chirib, hatto ichida qurtlar «o‘ynab» yurganini ko‘rdik. Ismi oshkor qilinishini istamagan fermer olingan 6 tonna kartoshka urug‘ini saralash natijasida 1,5 tonnaga yaqini chiqitga chiqarilganini kuyinib hikoya qilib berdi.