Murojaatda Covid-19’ga qarshi kurashish maqsadida Toshkent shahrida qanday choralar ko‘rilayotgani, bemorlar uchun shifoxonalarda o‘rinlar yetarli ekani, testni qayerlarda topshirish mumkinligi, «O‘zekspomarkaz»dagi ish hamda pandemiya sharoitida oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari qanday o‘tishi borasida so‘z yuritildi.

Durdona Rahimovaning ta'kidlashicha, Toshkent shahrida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Bugungi kunda kasallanish holatlari 200tadan 300tagacha bo‘lgan oraliqni hamda o‘lim sur'ati 3tadan 5tagacha bo‘lgan holatni tashkil etyapti.

«Toshkent shahrida aholi bilan ishlash uchun 2ta Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Birinchisi - 1105. Bu Call-markazi orqali Covid’ga chalingan, uyda davolanayotgan hamda karantinda bo‘lgan fuqarolar yoki o‘zida birinchi alomatlarni sezayotganlar mutaxassislardan tibbiy maslahatlarni olishi mumkin. Ikkinchisi 1197 bo‘lib, bu bugungi kunda daromadidan uzilgan hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazuvchi markaz hisoblanadi», - dedi hokim o‘rinbosari.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda PZR testlarini topshirish uchun ko‘plab xususiy klinikalar o‘z xizmatini taklif etmoqda.

«Bulardan Jacksoft, «Olam+T», Vitamed Medical, Prospect, Intermed Innovation, Vita Stimul Grand hamda Global Medical Center xususiy klinikalarida PZR laboratoriyalariga test tahlillarini topshirish mumkin. Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarida ham testlar qabul qilinmoqda», - deydi Durdona Rahimova.

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, bugungi kunda Toshkent shahridagi 16ta davlat muassasalarida Covid’ga chalingan fuqarolar davolanmoqda. Ulardan ayrimlari - Toshkent tibbiyot akademiyasi, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiyot reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika 1-son klinik kasalxonasi, Respublika 2-son klinik kasalxonasi, Travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika nogironlar reabilitatsiya markazi, Nuroniylar sanatoriysi, Respublika bolalar ortopediya markazi, Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksi, Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi, Zangiotadagi maxsus shifoxona.