Jahon | 18:41 / 24.07.2020
68475
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya xalqaro aviaqatnovlarni tiklamoqda. 1 avgustdan boshlab uch mamlakatga parvoz qilish mumkin

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 1 avgustdan boshlab xalqaro aviareyslar qayta tiklanishini ma'lum qildi. Birinchi bosqichda parvozlar faqat uchta shahar - Moskva, Sankt-Peterburg va Rostov-Dondan amalga oshiriladi.

Foto: Aleksandr Avilov

«Meduza»ning yozishicha, hozircha havo qatnovi bor-yo‘g‘i uch mamlakat - Buyuk Britaniya, Turkiya va Tanzaniya bilan kelishilgan. Shu bilan birga, Rossiya ilgari Tanzaniya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmagan - u endi paydo bo‘lishi ham hali aniq emas. Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlariga muntazam reyslar esa 1 avgustdan boshlanadi, 10 avgustdan kurortlarga - Antaliya, Bodrum va Dalamanga parvoz qilish mumkin. Buyuk Britaniya bilan bog‘liq holatda parvozlar birinchi bosqichda Londonga boshlanadi - shu bilan birga, Rossiya hukumati bu mamlakatda kelganlardan 14 kunlik majburiy o‘zini o‘zi yakkalash rejimiga rioya qilish borasida talab mavjudligini eslatdi (Turkiya va Tanzaniyada bunday talablar yo‘q). Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ta'kidlashicha, mamlakatlar ro‘yxati yaqin kelajakda kengayib boradi. Transport vazirligi rahbari Yevgeniy Ditrix Rossiya hozirda 30 mamlakat bilan muzokaralar olib borayotganini tushuntirdi.

Rossiyaga kirish uchun chet elliklar koronavirus bo‘yicha test natijasiga ega bo‘lishi lozim, u parvozdan 48 soat oldin o‘tkazilishi kerak. Mamlakatga qaytgan Rossiya fuqarolari tessiz uchib kelishlari va uni chegarani kesib o‘tgandan keyin uch kun ichida o‘tkazishlari mumkin. Aks holda, ular 14 kun karantinga joylashtiriladi. Rossiyaga keladigan chet ellik ishchilar uchun test natijasi bo‘lsa ham karantin qoidasi majburiydir.

Rasmiylar bundan oldin Rossiya havo qatnovini faqat o‘zaro kelishuv asosida qayta tiklashini ta'kidlagan - agar xorijiy davlatlar rossiyaliklarga cheklovlarsiz kirishga ruxsat berishga tayyor bo‘lsa. Bu yaqin orada Yevropa ittifoqiga parvozlar qayta tiklanishi ehtimoldan yiroq ekanini anglatadi: Yevropa komissiyasining tavsiyalariga ko‘ra, so‘nggi 14 kun ichida kasallanish holatlari soni 100 ming aholiga 20 kishidan oshmagan mamlakatlardan YeIga kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Rossiya aholisi soni hisobga olinsa, bu kuniga ikki mingga yaqin holatni bildiradi - ya'ni, hozir ro‘yxatga olinayotganlarga nisbatan qariyb uch baravar kam.

Rossiya mart oyi oxirida xalqaro reyslarni to‘xtatdi. Taxminan shu vaqtning o‘zida chegara orqali o‘tish punktlarida transport harakati to‘xtatildi - shu tariqa, Rossiya fuqarolari mamlakatni tark etish imkoniyatidan deyarli mahrum bo‘ldi. May oyidan boshlab, chet elda yashash uchun ruxsatnoma egalariga Rossiyadan bir marta chiqishga, iyun oyida esa chet el kompaniyalari xodimlari, talabalar, chet elda yashaydigan va parvarishga muhtoj odamlarning qarindoshlariga bir marta chiqib ketishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, bir vaqtning o‘zida ularga davolanish uchun chiqishga ham ruxsat berildi.

Mavzuga oid