Shu kunlarda Jasur Jaloliddinovning transferi haqida nafaqat O‘zbekistonda, balki Rossiyada ham ko‘p muhokama bo‘lyapti. Bu boradagi savollarga javob olish uchun O‘zbekiston milliy jamoasi va «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbatlashdik.

Jaloliddinovning transferi

Oxirgi vaqtlarda Jasur Jaloliddinovning transferi borasida muhokamalar ko‘p bo‘lmoqda. Kelasi mavsumda YeChL guruh bosqichida o‘ynaydigan Moskvaning «Lokomotiv» klubi 2002 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik futbolchi bilan shartnoma imzolashga yaqin turibdi. Bu transferning summasi ham aniq – 350 ming yevro. Ammo rus nashrlarida transfer «Lokomotiv»ga 1 million yevroga tushishi, katta pulni futbolchining agenti olishi haqida habar paydo bo‘ldi. Keyinchalik bu transferdan «Bunyodkor» bosh murabbiyi Vadim Abramov ham manfaatdor ekani haqida mish-mishlar tarqaldi. Abramov bu borada savollarga javob berdi.

«Bu transfer qanday sodir bo‘lgani haqida qisqacha gapiradigan bo‘lsam, avvaliga uni eng kuchli yosh futbolchilar 50taligiga kiritishdi. Keyin Italiyaga borib keldi. Futbol ko‘rib yurgan odam bizda shunday iste'dodli bolakay borligini bilishi tabiiy edi. Uni kuzata boshlashdi va menga aloqaga chiqib, Jaloliddinovning qanday futbolchi ekani haqida so‘ray boshlashdi. Nafaqat menga, istalgan jamoaning bosh murabbiyiga shogirdi haqida ma'lumot so‘rab chiqishlari odatiy hol. Bungacha Ispaniyadan ham u haqda so‘rashgandi. O‘zbekistondagi ko‘p futbolchilar haqida mendan so‘rashadi.

Menga Yura Belous qo‘ng‘iroq qildi va Jaloliddinov bilan qanday bog‘lanish mumkinligini so‘radi. Men u bilan tanishman. Biz o‘shanda BAAda OChL o‘yinida qatnashish uchun borgandik. O‘sha yerda ular ko‘rishib, tanishishdi. Belous uning agentiga aylandi va ular takliflar bo‘yicha o‘zaro kelishib olishgan. Menimcha, undan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Chunki Jaloliddinovning biz bilan yarim yillik shartnomasi qolgan va agar biz uni «Lokomotiv»ga bermasak, futbolchi bepul ketishi mumkin edi. «Bunyodkor»dan qancha futbolchilar shunchaki bepul ketib qolishgan.

Bu mavzu haqida bemaza gaplarni yozayotganlar boshqacha ishlashga o‘rganishgan. Biz esa qanday ishlash kerak bo‘lsa, shunday ishlayapmiz. Biz Jasurni shunchaki «Lokomotiv»ga qo‘yib yubormadik, bu uchun pul ishladik. Men milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida uning «Lokomotiv»da o‘ynab ketishidan faqat xursand bo‘laman. Hozir Ostun O‘runov, Eldor Shomurodovlar Rossiyada yaxshi o‘ynashmoqda. Oldinroq Odil Ahmedov bu chempionatda o‘zini ko‘rsatgandi. Aynan ular sabab bugun o‘zbek futbolchilarini Rossiyaga chaqira boshlashdi. Bungacha Xitoy birinchi ligasiga, Malayziyaga, Indoneziyaga bepul ketishardi.