Trampdan xafa Zelenskiy va Istanbuldagi suv toshqinlari – kun dayjesti
|14:471 5718 min
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Ukraina-Amerika kelishmovchiligi
Ukraina rasmiylarining maʼlum qilishicha, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi harbiy maqsadlarda foydalaniluvchi Starlink (Starshield) terminallariga ogohlantirishsiz yuqori tezlik cheklovini oʻrnatgan. Bu holat Kiyevning hujumkor hamda mudofaa tizimidagi dronlari missiyalarini izdan chiqarmoqda.
Prezident Volodimir Zelenskiy ushbu qarorni koʻplab insoniy yoʻqotishlarga olib keluvchi "katta xato" deb atadi. Ilon Mask esa tizim tezligi va foydalanish cheklovlari AQSH harbiylari hamda bevosita prezident Donald Tramp tomonidan belgilanishini taʼkidladi.
"Prezident Tramp bizning emas, boshqa bir tomonni tanlashi ogʻriqli holat", dedi Zelenskiy Pirs Morganga bergan intervyusida. U Trampning betaraf turishiga qarshi emasligini, biroq "agar oʻrtada boʻlsa, oʻrtada qolishi kerakligini” taʼkidladi.
Ushbu vaziyat Kiyev uchun Starlink obunalarini moliyalashtirib kelayotgan Polshaning ham keskin eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.
Ayni paytda Rossiya Starlink'dagi uzilishlardan foydalanib, Kiyev, Xarkiv va Lutsk shaharlariga yirik raketa hamda dron hujumlarini uyushtirdi. Zarbalar oqibatida kamida 8 kishi halok boʻldi, 30 ta energetika obyekti shikastlandi. Shuningdek, 600 mingga yaqin aholi elektr taʼminotisiz qoldi. Zelenskiy bu hujumlarni Tramp eʼlon qilgan "energetika sulhi"ga nisbatan Rossiyaning "oshkora hurmatsizligi" deb baholadi.
Mazkur cheklovlar Kiyev va Vashington oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashgan bir vaqtga toʻgʻri kelmoqda. Tramp AQShdagi saylovlar oldidan yoqilgʻi narxlarini pasaytirishga urinib, Rossiya dizeliga sanksiyalarni bekor qildi. U Ukrainadan rus neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni toʻxtatishni talab qilmoqda. Shuningdek, ukrainaliklarni Zelenskiyni almashtirishga chaqirdi.
Vashington bilan taranglik fonida Buyuk Britaniya Rossiyaning reaktiv dronlariga qarshi kurashish uchun Ukrainaga qariyb 60 million dollarlik "yer-havo" sinfidagi raketalar paketini ajratmoqda.
Hoʻrmuz yaqinida ikki kema choʻkib ketdi
13–14-oktabr kunlari Hoʻrmuz boʻgʻozi yaqinida yuz bergan alohida hodisalarda bitta konteyner tashuvchi va bitta quruq yuk tashuvchi kema choʻkib ketdi. Bu haqda xabar bergan Reuters’ga koʻra, ularga snaryadlar kelib urilgan.
Mavzuga oid
Xususan, Singapur bayrogʻi ostida suzuvchi, kichik konteyner tashuvchi “GFS Pride” kemasi boʻgʻoz orqali suzib oʻtayotganda choʻkib ketgan. Ekipajning barcha 21 nafar aʼzosi xavfsiz evakuatsiya qilingan, deyiladi Singapur Dengiz va port boshqarmasi bayonotida.
Erondagi Muhofizlar korpusi esa ushbu kema “ruxsatsiz” yoʻnalishda suzayotganda dengiz minasiga urilganini maʼlum qildi.
BMTning kema qatnovi boʻyicha agentligi 14-oktabr kuni eʼlon qilgan maʼlumotlarga koʻra, boshqa bir hodisada Antigua va Barbuda bayrogʻi ostidagi kema boʻgʻoz yaqinida choʻkib ketgan. Kema 23-sentabr kuni snaryad zarbasiga uchragandi. Dengiz manbalariga koʻra, oʻshanda bir nafar ekipaj aʼzosi halok boʻlgan, qolganlari esa darhol evakuatsiya qilingan.
Soʻnggi 10 kun ichida boʻgʻoz atrofidagi hujumlar keskin koʻpaygan. Eron bunga AQShning oʻz portlarini qamal qilgani va sentabrda joriy etilgan qattiqroq sanksiyalarga javoban zarbalarni kuchaytirayotganini aytmoqda.
Eronlik ikki yuqori martabali mulozimning Reuters’ga maʼlum qilishicha, Eron neft narxini yuqori darajada ushlab turish va AQShdagi oraliq saylovlarga taʼsir koʻrsatish maqsadida boʻgʻozda yangi taktikalarni tobora koʻproq qoʻllamoqda.
Albaniyada talabalar namoyishi
Albaniya poytaxti Tirana shahrida minglab talabalar ishtirokida hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Taʼlim vazirligi binosi oldida oliygohlardagi sharoitlarni yaxshilash va yangi ish oʻrinlari yaratish talabi bilan boshlangan aksiya shiddatli toʻqnashuvlarga aylanib ketdi.
Chorshanba kuni yuzini yashirgan va gazniqob taqqan oʻnlab namoyishchilar tosh hamda pirotexnika vositalarini uloqtirib, Taʼlim vazirligi binosining bir qismiga oʻt qoʻydi. Shuningdek, bosh vazir idorasi, moliya va ichki ishlar vazirliklari hamda tadbirkorlik obyektlariga ham hujum uyushtirildi.
Olomonni tarqatish uchun maxsus kuchlar koʻzdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, zoʻravonlik harakatlari bilan bogʻliq holda 16 kishi hibsga olingan.
Ayrim namoyishchilar amaldagi maʼmuriyatni "mamlakat tarixidagi eng korrupsiyalashgan hukumat" deb atab, tizimni butunlay oʻzgartirishni talab qilmoqda.
Hukumat rasmiylari namoyishchilarning xatti-harakatlarini keskin tanqid qildi. Bosh vazir oʻrinbosari Albana Kochiu yoshlarni vazminlikka chaqirib, "oʻzgarishlar uchun Albaniyaning yonishi shart emas"ligini aytdi. Shuningdek, davlat muassasalariga oʻt qoʻyish tinch namoyish emasligini va bu insonlar hayotiga xavf solishi taʼkidlandi.
Mazkur chiqishlar bosh vazir Edi Ramaning isteʼfosini talab qiluvchi va bir necha oydan beri davom etayotgan "Flamingo inqilobi"ning davomi hisoblanadi. Oʻshanda Trampning kuyovi Jared Kushnerga aloqador turizm loyihasi bilan bogʻliq korrupsion mojaro ommaviy noroziliklarga turtki boʻlgandi.
Istanbulda suv toshqinlari
Turkiyaning Istanbul shahri soʻnggi oʻn yilliklardagi eng kuchli jalalardan birini boshdan kechirdi. 14-oktabr kuni yoqqan yomgʻir shaharning koʻplab tumanlarida suv toshqini va koʻchkilarga olib keldi.
Istanbul gubernatorligi maʼlumotiga koʻra, kecha qutqaruv va favqulodda xizmatlarga 2518 ta murojaat kelib tushgan. Ular orasida 1277 ta suv bosishi, 15 ta koʻchki va 47 ta odamlar qamalib qolishi holati bor. Toshqin oqibatlarini bartaraf etishga 8 ming xodim va 2 mingta texnika jalb qilingan.
Istanbul shahar munitsipaliteti xabariga koʻra, eng koʻp yogʻin Beykoz tumaniga tushgan, har kvadrat metrga 242 litr. Eyupsultanda bu koʻrsatkich 190,5 litrni tashkil etgan. Bu 1985-yildan beri qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkichlardan biri deb baholanmoqda.
Toshqin ikki kishining hayotiga zomin boʻldi. Fotih tumanidagi bogʻda 14 yoshli oʻsmir suv toʻplangan joyda tok urib halok boʻldi. Sariyer tumanida esa suv bosgan koʻchani kesib oʻtmoqchi boʻlgan erkak vafot etdi.
Rasmiylar 15-oktabr kuni shahar boʻylab barcha davlat va xususiy taʼlim muassasalarida darslarni toʻxtatdi. “Fuqarolarimizdan zarurat boʻlmasa, ertaga uylaridan chiqmasliklarini qatʼiy soʻraymiz”, dedi Istanbul gubernatori Davut Gul. U aholini daryo oʻzanlari va yer osti oʻtish joylaridan uzoqroq turishga chaqirdi. Yomgʻir 15-oktabr kuni ham davom etishi kutilmoqda.
Rossiyada yaponiyalik jurnalist ushlandi
Saxalinda yaponiyalik jurnalist josuslik ishi boʻyicha qoʻlga olindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati qoʻlga olingan shaxs Yaponiya fuqarosi, “Xokkaydo Shimbun” gazetasi muxbiri ekanini maʼlum qildi. Imai Yuki ismli jurnalist Yujno-Saxalinskda, Rossiyadan joʻnab ketishga chogʻlanayotgan vaqtida ushlangan. Uni Moskvaga olib kelishgan.
FXXning tezkor videotasvirlarida qoʻlga olingan shaxsning yuzi xiralashtirilgan. Koʻrinishidan, idora xodimlari jurnalistni mehmonxonada qoʻlga olishgan.
Meduza'ning yozishicha, tezkor tasvirlarda kuchishlatar tuzilmalar jurnalistni texnika vositalarini blokdan chiqarishga majbur qilgani koʻrinadi.
FXX talqiniga koʻra, Imai Yaponiya razvedkasi topshirigʻiga binoan Kuril orollari aholisi orasidan Ukrainadagi urushga safarbar qilinganlar va koʻngilli ishtirokchilar soni toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻgan.
Agar ayblovlar tasdiqlansa, jurnalist 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Imai Yukining qoʻlga olingani haqidagi xabar Tokio – Rossiyaning “Qilin” guruhi aʼzosini Berlinga topshirgani fonida yuz berdi. Yaponiya hukumati 28 yoshli rossiyalik hakerni may oyida qoʻlga olgandi. U Germaniyadagi logistika kompaniyasiga uyushtirilgan kiberhujumga aloqador deb topilgan.
Rossiya va Yaponiya munosabatlari avgust oyida Putinning Kuril orollariga qilgan ilk safaridan soʻng yomonlashdi.