Boks yurti Andijonga tashrif buyurib, O‘zbekiston faxri bo‘lgan sobiq bokschilar Muhammadqodir Abdullayev va O‘tkirbek Haydarov bilan suhbat uyushtirdik. O‘zbek boksining afsonalari hozirgi faoliyatlari, Andijon boksining buguni va kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashishdi.

O‘tkirbek Abdujalilovich Haydarov – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, «O‘zbekiston iftixori», O‘zbekiston, Osiyo, Osiyo o‘yinlari va Afro-Osiyo o‘yinlari chempioni, jahon chempionatining oltin, kumush va bronza medali sovrindori, Olimpiada o‘yinlarining bronza medali sohibi. «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.

Muhammadqodir Mamatqulovich Abdullayev – Olimpiada, jahon va O‘zbekiston chempioni, Xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyoning 2 karra chempioni, Qirol kubogi hamda Jahon kubogi musobaqalarida eng yaxshi bokschi, «Shuhrat» medali va «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan.

– Boks Andijonda azaldan qadrlangan. Ko‘plab chempionlar yetishib chiqqan. Shu sport turining ichida yurgan insonlar sifatida Andijon boksining buguni haqida nima deya olasiz?

O‘tkirbek Haydarov: – Hozirgi kunda andijonlik bokschilardan Hasanboy Do‘stmatov, Iqboljon Xoldorov va Jasurbek Latipovni alohida e'tirof etish o‘rinli. Ular Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lishdi. Jahon chepionatida kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

Hozirgi kunda safimizga katta murabbiy bo‘lib ustozimiz Mars Qo‘chqorov keldi. Hozir yaxshi o‘smirlarimiz bor. Yana shuni aytishimiz kerakki, mashg‘ulot zallarimiz kichkina. Lekin sport bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlar juda ko‘p. Milliy Olimpiya qo‘mitasi va boks federatsiyasi katta zal qurilishida yordam beramiz, deyishdi. Muhammadqodirga Oltinko‘lda zal ochib berildi. Bular o‘z natijasini beradi, degan umiddaman.

Yoshingiz ulg‘ayib borgani sari shogirdlaringizning natijasiga emas, tarbiyasiga e'tibor berarkansiz. Yoshlarga chet tili, tarix, kompyuter, psixologiyani o‘rgatib, ularning ongini rivojlantirishimiz kerak. Bokschilar faoliyatini tugatganidan so‘ng ko‘chada qolmasligini maqsad qilganmiz.