O‘zbekiston | 15:57 / 01.08.2020
20564
4 daqiqa o‘qiladi

Yordam puli tarqatilishiga oid e'tirozli videolar tarqalmoqda. Vazirlik xavotirga o‘rin yo‘qligini, aybdorlar aniqlansa, chora ko‘rilishini bildirdi

O‘zbekistonda 30 iyundan boshlab «temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga naqd pul shaklida mablag‘lar tarqatilmoqda. 1 avgustga kelib, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu mablag‘lar tarqatilishidagi kamchiliklar bilan bog‘liq ma'lumotlar paydo bo‘la boshladi.

Ahror G‘ulomov /Videodan kadr

Tarqalgan videolardan biri Toshkent shahrining Sergeli tumani Humo mahallasiga aloqador bo‘lib, unda yordam puli masalasida mahalla ahli va ma'muriyat o‘rtasida nizo kelib chiqqanini ko‘rish mumkin.

Videoda aholi vakili mahalla rahbariyatini nogironligi bor shaxsga yordam pulini bermayotganlikda ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalla ma'muriyati ehtiyojmandlarga ajratilgan mablag‘ni so‘rab kelganlarga bankdan kredit olishni tavsiya qilgan. Ayni holatga aloqador boshqa bir videoda ichki ishlar xodimlari mahalla ma'muriyati vakillarini aholidan himoya qilishga urinayotgani ko‘rinadi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatiga daxldor ekani aytilayotgan yana bir video tarqaldi. Muallifi ko‘rinmagan videoda kamera ortidan gapirgan shaxs 700 ming so‘m yordam puli olgani, ammo dastlab konvertda 1 mln so‘m bo‘lgani, 300 ming so‘mni tarqatuvchilar ushlab qolishganini aytadi.

«700 ming so‘m. Konvertni ochganda haqiqatan ham unda 1 mln so‘m bo‘lgan, lekin mahalla va hokimlik vakillari: «Agar 300 ming so‘mdan tashlab ketmasalaring, biz keyingi safar pul tarqatilganda sizlarni ro‘yxatdan olib tashlaymiz», deb qo‘rqitib, 300 ming so‘mdan pullarini olishgan», – deyiladi videoda.

Bugun, 1 avgust kuni AOKAdagi brifingda chiqish qilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Ahror G‘ulomov Toshkent shahrining Sergeli tumani va Xorazm viloyatidagi pul tarqatilishi bilan bog‘liq holatlar haqida gapirdi.

«Farmon bilan belgilangan ehtiyojmand va nochor oilalarga pul mablag‘larini tarqatish masalalarida Xorazm viloyati va Sergeli tumani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holatlardan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining xabari bor.

Ushbu holatlar vazirlik rahbariyati tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan birga qat'iy nazoratga olingan. Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Barcha holatlar o‘rganilmoqda. Qonun buzilishi holatlari tasdiqlanadigan bo‘lsa, aybdorlarga nisbatan albatta o‘rnatilgan tartibda choralar ko‘riladi», – dedi Ahror G‘ulomov.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyuldagi prezident farmoniga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlari («temir daftar»)ga kiritilgan va a'zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Buning uchun 200 milliard so‘m ajratilgan.

Bu pullar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqovga ko‘ra, «qaysidir bir idoraning kichik xodimi yoki kassiriga ishonib berib qo‘yilmagan».

«Moddiy yordam pullari viloyat darajasida moliyalashtirilgach, 4ta sektor rahbari – viloyat hokimi, prokurori, IIB va soliq boshqarmasi boshliqlari mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlari asosida naqd pullarni bankdan olib, o‘zlarining vertikallaridagi sektor rahbarlariga topshirishadi va mazkur jarayonda viloyatdagi sektorlarning rahbarlari shaxsan ishtirok etadi. Ya'ni pullarni qaysidir bir idoraning kichik xodimi yoki kassiriga ishonib topshirib qo‘yganmiz yo‘q. Davlatning vakolatli odamlariga ishonib topshirildi bu pullar»,dedi vazir o‘rinbosari 31 iyuldagi matbuot anjumanida.

Mavzuga oid