Jamiyat | 15:34 / 07.08.2020
4157
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilning birinchi yarim yilligida 5220ta maktabga optik tolali aloqa liniyalari olib borildi – vazir

Yil yakuniga qadar maktablarning 80 foizi, 2021 yilning birinchi yarim yilligida 100 foizini yuqori tezlikdagi internet bilan ta'minlash masalasi qo‘yilgan. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ma'lum qildi.

 

Senatning oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Muhokamalar davoimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov dasturda belgilangan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish vazifasini bajarish to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Mana shu yarim yil mobaynida salkam 10 ming kilometrdan ortiq optik aloqa liniyalari qurilish ishlari amalga oshirildi. Internet tezligini tuman markazlarigacha kengaytirish masalasi 4 baravargacha oshirildi. Mobil aloqa qamrovini kengaytirishda qo‘shimcha ravishda bu yilning o‘zida 1375ta baza stansiyalari o‘rnatildi. Hozirgi kunda yil boshida respublikamizning qamrovini foizda aytadigan bo‘lsak, 78 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bu ko‘rsatkichni 90 foizga chiqarish belgilanmoqda.

Yil yakuniga qadar mingga yaqin bazaviy stansiyalar o‘rnatilib, republika aholisini sifatli aloqa xizmatlari bilan ta'minlanadi. Bu yo‘nalishda yil yakuniga qadar 153 million dollarlik aloqa liniyalari uskunalari hamda yo‘nalishlari bo‘yicha dasturiy mahsulotlar xarid qilinadi», dedi Shuhrat Sodiqov.

U maktablarga optik tolali aloqa liniyalarni olib borilishi haqida ham ma'lumot berdi.

«Xalq ta'limi vazirligi yo‘nalishi – hisobot davrida 5220ta (jami maktablarning 55 foizi) maktablarga optik tolali aloqa liniyalari olib borildi. 2019 yil boshini qaraydigan bo‘lsangiz, ushbu ko‘rsatkich umuman yo‘q edi.

Yil yakuniga qadar barcha yo‘nalishdagi sog‘liqni saqlash obektlari, maktabgacha ta'lim obektlari bu yilning o‘zida internet tarmog‘i bilan to‘liq qoplab olinadi.

Maktablarni yil yakuniga qadar 80 foiz, 2021 yilning birinchi yarim yilligida 100 foiz yuqori tezlikdagi internet ta'minlash masalasi qo‘yilgan», dedi vazir.

Mavzuga oid