Jamiyat | 12:39 / 08.08.2020
94643
4 daqiqa o‘qiladi

Farzandlarini urishib bergan tarbiyachi haqida rasmiy ma'lumot berildi. Unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachi o‘z farzandlarini urishayotgani aks etgan videorolik tarqaldi. Maktabgacha ta'lim vazirligi ushbu holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

Joriy yil 26 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda mashg‘ulotni tasvirga olishga xalaqit berayotgan farzandlarini urishayotgan tarbiyachi aks etgan videorolik tarqadi.

Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan rolikdagi ayol Namangan viloyati, Chortoq tumani 7-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachisi H.N. ekanligi aniqlandi.

H.N. 1982 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy. Maktabgacha ta'lim tizimida bir necha yildan beri ishlab keladi. O‘tgan davr mobaynida u tomonidan hech qanday nojo‘ya harakatlar amalga oshirilmagan va ish beruvchi tomonidan ijobiy ta'riflanadi. Karantin sharoitida H.N. masofadan o‘qitish usulini o‘zlashtirgan holda, bir necha oy mobaynida, haftasiga 4-5 martadan tarbiyalanuvchilar uchun videomashg‘ulotlar o‘tib kelgan.

Yoz mavsumi boshlanishi MTTlarda sog‘lomlashtirish davri hisoblanib, tartibga ko‘ra bu vaqtda faol ta'lim jarayoni to‘xtatiladi. Ammo bir necha tashabbuskor tarbiyachilar, ular qatorida H.N. ham, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqti mazmunli va foydali o‘tishi uchun videomashg‘ulotlarni davom ettirishga qaror qiladilar, deyiladi ma'lumotda.

Joriy yil 15 iyul kuni uy sharoitida videomashg‘ulotni yozib olish jarayonida H.N. o‘z farzandlarini tarbiyachi kasbiy etikasiga zid ravishda qo‘pol tarzda koyib tashlaydi. Bu holat aks etgan rolik keyin tayyorlangan videomashg‘ulot o‘rniga, yanglish ravishda MTT «Telegram» guruhiga joylanadi va tezda o‘chirib tashlanadi. Shunga qaramay yanglish joylanib, o‘chirilgan rolik oradan 11 kun o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.

Holatni o‘rganish jarayonida o‘sha kuni H.N. videomashg‘ulotni bir necha marta yozib olishga uringani ma'lum bo‘lgan. Ammo ish bilan uy vazifalarini bir vaqtda bajarish majburiyati, jumladan bolalar xarxashasi hissiy muvozanatdan chiqib ketishi, natijada nazoratni yo‘qotgan holda ovozini balandlatishiga sabab bo‘lgan.

Bu voqea Chortoq tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi hamda Namangan viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi va ma'lum xulosalarga kelindi.

Tarbiyachi H.N. kasbiy etika qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Karantin yakunlanib, MTTlar faoliyati tiklangach 7-sonli MTT hamda Chortoq tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan bu tarbiyachining pedagogik faoliyati monitoring qilib borilishi belgilandi. 7-sonli MTT rahbariga esa ogohlantirish berildi.

Tuman MTBga o‘ziga tegishli hududda masofadan maktabgacha ta'lim xizmatini ko‘rsatish jarayoni ustidan kuzatishni kuchaytirish, uning sifatini yaxshilash, maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

“Hurmatli hamyurtlar! Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalarga nisbatan har qanday qo‘pol munosabatga qarshi ekanligini ma'lum qiladi. Shuningdek, aholi orasida koronavirus pandemiyasi natijasida asabiylashish holatlari ko‘p kuzatilayotgani sababli barchangizni bir-biringizga nisbatan sabrli bo‘lishga chaqiramiz. Shu bilan birga, sizlardan o‘zi uchun yangi va noodatiy bo‘lgan - masofadan ta'lim jarayonini olib borayotgan pedagoglarimiz sharoiti va holatini tushunishga harakat qilishingizni so‘raymiz”, - deyiladi vazirlik izohida.

Mavzuga oid