Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

  • fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
  • qonuniylik;
  • ixtiyoriylik;
  • ommaviylik va ochiqlik;
  • tinch asosda o‘tkazilishi;
  • tomonlarning o‘zaro javobgarligi.

Miting, yig‘ilish va namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish davomida quyidagilar taqiqlanadi:

ularni konstitutsion tuzumni tajovuzkorlik yo‘li bilan ag‘darish, milliy, irqiy yoki diniy adovatni qo‘zg‘ash, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazish;

davlat organlari va tashkilotlar, korxona va muassasalarning ish faoliyatiga to‘sqinlik qilish;

shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi atayin yolg‘on ma'lumotlarni qasddan tarqatish;

miting, yig‘ilish va namoyish o‘tkaziladigan hududda transport vositalaridan foydalanish;

niqob va ular shaxsini vizual aniqlashni qiyinlashtiruvchi va boshqa vositalardan foydalanish, shuningdek inson hayotiga tahdid solishi va sog‘lig‘iga shikast yetkazishi hamda atrof muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatuvchi qurilmalar (shu jumladan, qo‘lbola), sanchuvchi yoki kesuvchi predmetlar hamda qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa buyumlarni, tez alanga oladigan, yonuvchan, o‘tkir, kuchli ta'sir qiluvchi, zaharli moddalar, pirotexnika buyumlari, radioaktiv va boshqa moddalar, buyumlar hamda mahsulotlarni yonida olib yurish va undan foydalanish;

alkogol ichimliklar, giyohvand moddalar yoki boshqa moddalar ta'siri ostidagi mast holatda ularda ishtirok etish, shuningdek spirtli ichimliklar, psixotrop va inson irodasi va aqliy faoliyatiga ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalarni iste'mol qilish.

Agarda oldindan miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, ularni o‘tkazishda ishtirok etishga da'vat etish orqali targ‘ibot yuritish, shuningdek miting, yig‘ilish va namoyishlarni o‘tkazish maqsadida ushbu Qonun bilan tartibga solinmaydigan ommaviy va boshqa tadbirlardan foydalanish taqiqlanadi.