Tadbir doirasida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev jurnalistlarga intervyu berdi.
«O‘zbekistonda yangilik emas, qish paytida odamlar pul to‘lagan bo‘lsa ham, to‘lamagan bo‘lsa ham, elektr ko‘p o‘chiriladi. Bu tizimga o‘tganimizdan keyin pul to‘lagan odamning uyida hech qanday elektr uzilishi bo‘lmaydi.
Xuddi cho‘ntagingizdagi telefon singari: aloqa kompaniyasiga mablag‘ bergan bo‘lsangiz, telefon ishlaydi, puli tugadi – o‘chadi. Bu tizim joriy etilganidan keyin «to‘la, ol» bo‘ladi.
Qarzdorga elektr energiya berilmaydi. Qancha pul to‘lasingiz, o‘shanga yarasha iste'mol qilasiz. Debitor qarzdorlik o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Janubiy Koreya – kiberxavfsizlik bo‘yicha dunyoda yetakchi. Biz hamkorlik uchun tender asosida shu mamlakatni tanladik», – deya Ulug‘bek Mustafoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Markaz «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, Koreyaning «KT Corporation» kompaniyasi va Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida barpo etildi.
Tizimni joriy etish uchun OTBdan 200 mln dollar miqdorida kredit olinmoqda. Ulug‘bek Mustafoyev qarzni qaytarish haqida ham gapirdi.
«Elektron hisoblagichlarimiz aholiga ham, yuridik shaxslarga ham tekinga o‘rnatib berilyapti, birovdan bir so‘m pul olganimiz yo‘q. Qarz yo‘qotishlarni tartibga solish va undirilmagan debitor qarzdorliklar hisobidan qaytariladi», – dedi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniyaning ayni paytdagi qarzdorligi 3,5 trillion so‘mni tashkil etadi.
Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda respublikada 7,4 mln abonent elektr energiyasidan foydalanadi. Hozir 3,6 mln xonadonga zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatib berildi. Ularning 1,9 mln.tasi billing tizimiga ulangan. Markazning dasturiy ta'minoti esa 8 mln. iste'molchini qamrash imkoniyatiga ega.
Markaz filiali rahbari Davrbek Imomov «bunday markazlar sanoqli davlatlarda bor»ligini aytdi.














