Parijning eng go‘zal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.

(Muhammad Yusuf)

Shoir bejiz oddiy tuproqdan yasalgan tandirimizni bu darajada ko‘klarga ko‘tarmagan. Chunki unda o‘zbegim mo‘jiza deb biladigan, tabarruk qilib ko‘ziga surtadigan non yopiladi. O‘zbeklar qadimdan non yopishda tandirdan foydalanib kelishgan.

Bugungi kunda ham tandir xalqimiz tarixining, madaniyatining bir qismi sifatida e'zozlanadi. Tandir yasash esa alohida hunar va san'at deyishimiz mumkin.

Andijon viloyati Paxtaobod shahrining Yuqori mahallasida yashovchi Yunusovlar oilasi mana beshinchi avlod ota-bobolaridan meros kasb va hunar bo‘lgan tandirchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Hunarmandlar xonadonida bo‘lib, tandirning qanday jarayonlar orqali tayyor bo‘lishini kuzatdik.

Yoshi ulug‘ ikki usta Rahimjon ota va Mo‘minjon otalar tandirxonadagi shogirdlarga maslahat berib boshchilik qiladi. Ustaxonada 15 nafar kishi tandir yasash bilan band.

«Ajdodlarimiz 100-200 yillardan beri hunarmandchilik ishlari bilan shug‘ullanib kelgan. Avval Yunus kulol otamiz bu hunarni boshlagan ekan. Opoqdadalarimiz kulolchilik qilib, idish-tovoq, xalqqa kerak bo‘lgan ko‘zalar yasagan. Keyin bizni otalarimizga hunar o‘tgan. Xalq uchun tandirni zaruriyati katta bo‘lgani uchun tandirchi bo‘lib ketganmiz.

Rahimjon ota Yunusov

Hunarni biz olib qoldik, o‘g‘illar o‘rgandi. Mana endi nevaralar. Hozir 5-6 avlod tandirchilik qilyapti. Tandir – yurtga juda zarur buyum. Shu kasbni tanlaganimizdan xursandmiz. Mahallamizdagi yoshlar chiqib hunar o‘rganishadi. Atrofimizda hamma yigitlarni tandirchilikdan xabari bor desa ham bo‘ladi. Hammasi shogird bo‘lib o‘rgangan bizdan, o‘g‘illarimizdan. El ichidagi hurmatni hunarimiz orqali topdik», – deydi Rahimjon ota Yunusov.