Prezident «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Quyidagilar «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi:

  • Torkunov Anatoliy Vasilevich – Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti rektori (Rossiya Federatsiyasi) — O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, gumanitar sohadagi ko‘p yillik samarali hamkorlikni hamda akademik va ilmiy-ta'lim almashuvlar bo‘yicha uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashdagi shaxsiy hissasi, shuningdek, xalqaro munosabatlar va iqtisodiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi bevosita ishtiroki uchun.
  • Taro Aso – Yaponiya Bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri, Yaponiya parlamentidagi O‘zbekiston bilan Do‘stlik ligasi raisi (Yaponiya) — O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari rivojiga va ko‘pqirrali hamkorlikni kengaytirishga qo‘shgan katta hissasi, O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy islohotlarni samarali amalga oshirishga qaratilgan muhim tashabbus va amaliy sa'y-harakatlari, Yaponiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokida mamlakatimizdagi ustuvor ijtimoiy, infratuzilma va sarmoyaviy loyihalarni, qo‘shma madaniy-gumanitar dasturlarni ro‘yobga chiqarishga ko‘rsatayotgan ulkan ko‘magi uchun.

O‘zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalarni ro‘yobga chiqarishdagi amaliy ko‘magi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro bir-birini anglash va qo‘llab-quvvatlash tamoyillarini mustahkamlash, do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini kengaytirish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun quyidagilar «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi:

  • Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizq – Qohira universitetining arxeologiya fakulteti professori (Misr Arab Respublikasi)
  • Mavlanov Shuxrat Qurvantayevich – «Rosagrokompleks» mas'uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori (Rossiya Federatsiyasi)
  • Mark Edvard Riz – Sharqshunos olim, o‘zbek adabiyoti tarjimoni (AQSh)
  • Maxmudova Kamola Abdumalikovna – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki katta bankiri
  • Muhammadzoda Huseyn Siddiq – Navoiyshunos olim va adib (Eron Islom Respublikasi)